Karmana bekligi — XVI-XX asrlarda dastlab Buxoro xonligi, soʻng mangʻitlar hukmronligi yillarida Buxoro amirligidagi maʼmuriy birlik. Maʼmuriy markazi Karmana shahri.

Karmana bekligi

XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarining maʼmuriy markazlari
XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarining maʼmuriy markazlari

Mamlakat Buxoro amirligi
Maʼmuriy markazi Karmana
Asos solingan sanasi XVI asr
Bekor qilingan sanasi 1920-yil
Xaritada

Buxoro amirligi maʼmuriy jihatdan bekliklarga boʻlingan. Amir Abdulahad hukmronligi davrida amirlik 24 beklikdan iborat boʻlgan. Bekliklar oʻz navbatida amloklarga boʻlinib, ularni amlokdor boshqargan. Zarafshon vodiysida joylashgan bekliklardan eng kattasi Karmana edi. Karmana bekligi hududlari hozirgi Navoiy, Navbahor, Kanimex tumani yerlaridan tashkil topgan. Karmana bekligi mangʻitlar davrida amirlikning muhim iqtisodiy-strategik hududlaridan boʻlgan[1].

XVI asr oʻrtalarida Karmana bekligini Iskandarxon boshqargan. Iskandarxon Karmananing birinchi beklaridan boʻlgan. Iskandarxon davrigacha beklik hokimlik deb yuritilgan. XVI asr oʻrtalarida Movarounnahrda yuz bergan siyosiy kurashlarda Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxonning qoʻli baland keladi. Otasi Iskandarxonni Buxoro xonligiga taxtiga oʻtqazib, amalda mamlakatni oʻzi boshqaradi.

Abdullaxon II davrida Karmanada obodonchilik ishlari olib borilgan. Abdullaxon Masjidi Jome qurdirgan, unga yondosh qilib Chor Minor barpo ettirgan. Karmanadagi masjid va ziyoratgohlarni taʼmirlatgan[2].

Mangʻitlar hukmronlik qilayotgan davrdan boshlab 1920-yil Buxoro inqilobi yuz bergunga qadar Karmana bekligini 30 ga yaqin beklar boshqargan. Bekning qarorgohi Karmana markazidagi Ark qoʻrgʻoni boʻlgan. Amlokdorlar bekning yordamchisi boʻlgan. Qishloq joylarda bekning nomidan jevachi va toʻqsobalar ish olib borgan. Soʻnggi mangʻitlar hukmdori Said Olimxon 1881-yilda Karmanada tugʻilgan. 13 yoshga toʻlguncha shu yerda yashagan. Sankt-Peterburgda oʻqishni tamomlagach Olimxon dastlab Qarshiga, soʻng Karmanaga bek etib tayinlangan.

Yavqochbek Karmananing oxirgi beklaridan boʻlib, 1910-yildan 1920-yilgacha bu lavozimda oʻtirgan. Karmana bekligi 1920-yilda tugatilgan va sovetlar hukmronligi oʻrnatilgan[3].

Manbalar

tahrir
  1. Анвар Қандаҳаров. Бухоро хонлиги ва унда карманалик шайхлар фаолияти. Toshkent Tafakkur qanoti 2018 — 10-bet. 
  2. A.Hotamov, Sh.Halilov. Yillar sadosi. Toshkent Adolat 1995 — 40-bet. 
  3. O. Hayitova, X.Qurbonov. Karmana tarixi. Toshkent Mashhur press 2017 — 103-bet. ISBN 978-9943-5163-5-9.