Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbek alifbosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oʻzbek yozuvidan yoʻnaltirildi)

Oʻzbek arab alifbosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda 1929-yilgacha arab yozuvidan foydalanilgan. 1920chi yillarda ayrim Turkiy davlatlar arab yazuvidan voz kechib lotin yozuviga oʻta boshladilar. Birinchi boʻlib Ozarbayjon 1922-yilda lotin yozuvida oʻtdi, 1928-yilda esa Turkiya lotin yozuvini qabul qildi. 1920-yillarning oʻrtalaridan Oʻzbekistonda arab yozuviga keng hujum boshlandi. Arab yozuvi qoloqligimizning, savodsizligimizning, dindorligimizning sababchisi deb eʼlon qilindi. 1929—1930 oʻquv yilidan Oʻzbekiston lotin yozuviga oʻtdi va biz oʻzbek xalqining asrlar davomida yaratilib kelingan hamda chop etilgan ilmiy, badiiy va falsafiy adabiyotdan uzilib qoldik.

Arab alifbosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

آ ا أ ء ب پ ت ث ج چ ح خ د ذ ز ژ س ش ص ض ط ظ ع غ ف ق ک گ ل م ن و ٶ ۇ ۉ ە ة ى ي ې ٸ

1929-yildan boshlab arab yozuvidan yangi lotin vozuviga (yanalif) oʻtilgan. U 1940-yilgacha ishlatilgan.

A a B b C c Ç ç D d E e Ə ə F f
G g Ƣ ƣ H h I i J j K k L l M m
N n N̡ ᶇ O o Ө ө P p Q q R r S s
Ş ş T t U u V v X x Y y Z z Ƶ ƶ
'

1940-yilda Oʻzbekistonda kirill yozuviga oʻtildi. Buning natijasida 1929-40 yillar oraligʻida chop etilgan ilmiy, badiiy, pedagogik, oʻquv adabiyotlardan uzilib qoldik.

А а Б б В в Г г Д д Е е Ё ё Ж ж
З з И и Й й К к Л л М м Н н О о
П п Р р С с Т т У у Ф ф Х х Ц ц
Ч ч Ш ш Ъ ъ Ь ь Э э Ю ю Я я Ў ў
Қ қ Ғ ғ Ҳ ҳ

1940-yildan 1991-yilgacha oʻrta hisob bilan oʻzbek tilida 50 ming nomda 50 million nusxada kitoblar chop etilganini (bunga shu yillari nashr etilgan jurnal, gazetalar kirmaydi) hisobga olsak, biz yana lotin yozuviga oʻtishda qanchadan-qancha adabiyotdan yiroqlashishimiz mumkinligi ayon boʻladi.

Lotin alifbosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lotin yozuviga koʻchish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lekin dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari (ularni sanab oʻtirishning hojati yoʻq) lotin yozuvidan foydalanadilar. Shuning uchun ham hozirgi eng zamonaviy texnika, tabiiy fanlar yoki ijtimoiy tadqiqotlar haqidagi adabiyotlar shu yozuv asosida yoritiladi. BMT, UNESCO va boshqa xalqaro tashkilotlarning xabar qilishlaricha, yangi texnika, texnologiya va fanga tegishli adabiyotlarning 80 foizi lotin yozuvida chop etilar ekan.

A a B b D d E e F f G g H h I i
J j K k L l M m N n O o P p Q q
R r S s T t U u V v X x Y y Z z
Oʻ oʻ Gʻ gʻ Sh sh Ch ch ng ʼ

Demak, Oʻzbekistonni dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga qoʻshilishi uchun lotin yozuviga oʻtish maqsadga muvofiqdir. Oʻzbekistonda bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va 2005-yilda tugallanishi koʻzda tutilgan.

Alifbolardagi mosliklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kiril

Lotin

Kiril

Lotin

А а A a С с S s
Б б B b Т т T t
В в V v У у U u
Г г G g Ф ф F f
Д д D d Х х X x (qoida)
Е е E e ~ Ye ye (qoida) Ц ц S s ~ Ts ts (qoida)
Ё ё Yo yo Ч ч Ch ch
Ж ж J j Ш ш Sh sh
З з Z z ъ ʼ - tutuq belgisi (ajratish belgisi)
И и I i ь
Й й Y y Э э E e
К к K k Ю ю Yu yu
Л л L l Я я Ya ya (istisno)
М м M m Ў ў Oʻ oʻ
Н н N n Қ қ Q q
О о O o Ғ ғ Gʻ gʻ
П п P p Ҳ ҳ H h (qoida)

Ts (Ц) harfi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Soʻz boshida yoki soʻz oʻrtasida undosh tovushdan keyin S yoziladi.
Lekin soʻz oʻrtasida unli tovushdan keyin Ts yoziladi.
Misol uchun
Kiril Lotincha toʻgʻri Lotincha notoʻgʻri
цирк sirk cirk, tsirk
цех sex cex, tsex
реакция reaksiya reakciya, reaktsiya
акционер aksioner akciober, aktsioner
федерация federatsiya federaciya, federasiya
функция funksiya funktsiya, funkciya

Ye (Е) harfi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Soʻz boshida yoki soʻz urtasida unli tovushdan keyin Ye yoziladi.
Lekin soʻz oʻrtasida undosh tovushdan keyin E yoziladi.
Misol uchun
Kiril Lotincha toʻgʻri Lotincha notoʻgʻri
енгил yengil engil
етти yetti etti
Низоев Nizoyev Nizoev
қаерда qayerda qaerda

Qattiq X va yumshoq H harflari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kirill Ҳ harfi lotincha H yoziladi.
Kirill X harfi lotincha X yoziladi.
Misol uchun
Kiril Lotincha toʻgʻri Lotincha notoʻgʻri
дорихона dorixona dorihona, dorikhona
жаҳон jahon jaxon, jakhon

Ya (Я) harfi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Сентябр soʻzi lotincha sentabr yoziladi.
Октябр soʻzi lotincha oktabr yoziladi.
Misol uchun
Kiril Lotincha toʻgʻri Lotincha notoʻgʻri
БАРЧАМИЗНИ BARCHAMIZNI BARChAMIZNI
ЧИҚИШ CHIQISH ChIQISh
Шаҳар Shahar SHahar

Abbreviaturalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Misol uchun
Kiril Lotincha toʻgʻri Lotincha notoʻgʻri
МЧЖ MCHJ[1] MChJ, MCJ
ЕВБ YVB YEVB, YeVB, EVB

Oʻzbek alifbosi islohoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbek alifbosi yoki imlo qoidalarini isloh qilish boʻyicha bir qancha takliflar ilgari surilgan.

VIII-IX asrlar oraligʻida oʻzbeklarning ajdodlari qadimgi uygʻur, xorazm va Oʻrxun-Enasoy yozuvlarini qoʻllagan. Oʻrta Osiyo arablar tomonidan egallanganidan soʻng, arab alifbosi isteʼmolga kiradi. 1928—1940-yillarda lotin alifbosi amalda boʻlib, 1940-yilda SSSRdagi boshqa koʻplab tillar singari oʻzbek tili ham kirill yozuviga oʻtkazildi.[2] Oʻzbekiston mustaqil boʻlganidan keyin, 1993-yilda lotin alifbosiga qaytildi.

Eski oʻzbek yozuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eski oʻzbek yozuvi arab grafikasiga asoslangan boʻlib, u quyidagi harflarni oʻz ichiga olgan: ى ﻩ و ن م ل ک ق ف غ ﻉ ﻅ ﻁ ﺽ ﺹ ش س ژ ز ر ﺫ د خ ﺡ چ ﺝ ت ﺕ پ ب آ ا . XIX asrda /g/ tovushi uchun گ hamda /ŋ/ tovushi uchun ڭ harflari kiritilgan.[2] Biroq oʻshanda oʻzbek yozuvining aniq meʼyorlari boʻlmagan va turli nashrlar har xil imlo qoidalaridan foydalanishgandi. Qoʻqonlik maʼrifatchi Ashurali Zohiriy oʻzining 1916-yilda nashr etilgan „Imlo“ darsligida shunday deydi:

"Bizning hozirgi (eski) imlomizda qoida degan narsa aslo rioya etilmagʻonligidan har kim oʻzicha qanday yozmoqni xohlasa, oʻshanday yoza bergʻon; bu adabiyotimizning kengayishiga sad boʻlib, yoshlarimizning qiynalishidan boshqa ajnabiy millatlarning qoshida tilimizning masxara qildirib, madaniy tillarga baho qoʻygʻonda, qimmati hech boʻlishiga sabab boʻldik. Shunga binoan bul „Imlo“ risolasini yozdim. Eng zarur qoidalarni darj etdim… „hoye rasmiya“ni imlomizgʻa kirgʻizdim."[3]

1919-yilda Toshkentda Fitrat boshchiligida til-imlo va adabiyot masalalari bilan shugʻullanuvchi toʻgarak-seminar — „Chigʻatoy gurungi“ jamiyati tashkil topadi. Bu xakda „Ishtirokiyun“ gazetasi shunday yozgan edi:

"Toshkentda yosh buxoroliklarning faol aʼzolaridan Fitrat afandi ila o‘zbek yoshlari tarafidan „Chigʻatoy gurungi“ nom(li) yangi bir jamiyat tuzilgan. Milliy ishlar komissariati tarafindan tasdiq etilib ishka kirishkan. Bu jamiyatning maqsadi: Turkistondagi eski va yangi turkiy asarlarni jam qilib, turkiy tilini ixyo qiluv haqinda materiyol hozirlamok, lugʻat va adabiyot dunyosin boyitmoqdir".[4]

«Chigʻatoy gurungi» jamiyati faoliyatida alifbo va imlo masalalari alohida o‘rin tutadi. Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:

1) eski o‘zbek tilidagi 8-9, yangi o‘zbek tilidagi 6-7 unli fonema faqat 3 ta harf - ا (alif), و (vov), ي (yo) bilan ifodalangan;

2) ayrim harflar polifonemali grafema tarzida qo‘llangan: و (vov) harfi «v» undoshini va «u», «o‘» unlilarini (demak, uchta fonemani), ي (yo) harfi ham uchta fonemani - «i», «e (ye)» unlilarini va «y» undoshini ifodalagan;

3) «t» undoshi uchun ikki harf - ت (te), ط (to); «s» undoshi uchun uchta harf - ث (se), س (sin), ص (sod) ; «z» undoshi uchun esa to‘rtta harf - ذ (zol), ز (ze), ض (zod), ظ (zo) qo‘llangan;

4) har bir harfning to‘rt xil shakli - so‘z boshida, o‘rtasida, oxirida yoki yolgʻiz holda qo‘llanadigan allograflari bo‘lgan.

Bunday holat maorif-ta’lim ishlarida va yozuv amaliyotida qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan, ravon o‘qish ko‘nikmalarining shakllantirilishiga halaqit bergan. «Chigʻatoy gurungi» jamiyati ayni shu qiyinchiliklarni hisobga olib, alifbo va imlo muammolari bilan shugʻullanishga majbur bo‘lgan. Jamiyatning «Imlo to‘dasi» a’zosi Elbek tomonidan «Bitik yo‘llari» kitobchasi yaratiladi, unda arab yozuvini o‘zbek tili tovushlari tizimiga moslashtirish lozimligi aytiladi, shu maqsadda alifboga «u» unlisi uchun, «o‘» unlisi uchun), «o» unlisi uchun, «a» unlisi uchun, «i» unlisi uchun, «e» unlisi uchun harflarini kiritish tavsiya etiladi.[5]

  1. Oʻzbek tilining imlo lugʻati. Toshkent, 1995. 25-b.
  2. 2,0 2,1 S. I. Ibragimov. Uzbekskiy alfavit i voprosi ego sovershenstvovaniya // Voprosi sovershenstvovaniya alfavitov tyurkskix yazikov SSSR. — M.: Nauka, 1972. — S. 157—173.
  3. Ashurali Zoxiriy. Imlo — Qozon: „Umid“ tipo-litografiyasi. 1916 — V 3
  4. "Chigʻatoy gurungi". Ishtirokiyun — 1919, 4 fevral (№ 66).
  5. H. Jamolxonov, Q. Sapayev. Imlo muammolari. - Toshkent davlat pedagogika universiteti, 2007