Oʻrtar

Murodjon Ahmedov ijro etgan qoʻshiq

Oʻrtar“ — oʻzbek xonandasi va aktyori Murodjon Ahmedov ijro etgan qoʻshiq. „Oʻtgan kunlar“ filmida yangraganidan keyin shuhrat qozongan. Qoʻshiq kuyini Ahmedovning oʻzi Mashrabning shu nomli gʻazaliga bastalagan[1]. Oʻzbek tilidagi eng koʻp kaver qilingan qoʻshiqlarning biri.

„Oʻrtar“
Murodjon Ahmedov qoʻshigʻi
Chiqarilgan sanasi 1969
Davomiyligi 5:52
Matn muallif(lar)i Mashrab
Bastakor(lar) Murodjon Ahmedov
Klipi
„Oʻrtar“ YouTubeda

Ahmedovning oʻgʻli Farhodjon Ahmedovning soʻzlariga koʻra, „Oʻtgan kunlar“ filmi rejissori Yoʻldosh Aʼzamov hamda film bastakori Manas Leviyev „Oʻrtar“ qoʻshigʻini film kulminatsiyasida ishlatishga qaror qilgan. Filmda qahramon Otabek suyuklisi Kumush hajrida figʻon chekib, cholgʻuchidan „ajralish“ kuyini ijro etishni soʻrashi ortidan „Oʻrtar“ qoʻshigʻi yangraydi.

Qoʻshiqni bir necha xonanda, jumladan, Kamoliddin Rahimov, Nasiba Abdullayeva, Shuhrat Qayumov, Jahongir Otajonov, Kaniza, Aziz Rajabiy, Dilnoza Ismiyaminova va boshqalar kaver qilgan. Yulduz Usmonova esa „Oʻrtar“ nomi bilan butunlay yangi qoʻshiq ijro etgan, ammo ashula muqaddimasida hamda xotimasida Ahmedov versiyasini qisqa kuylagan. Shuningdek, qoʻshiq Oʻzbekiston boʻylab tuzilgan musiqiy guruhlar, jumladan, maqom ansambllari repertuariga kiritilgan[2].

Tanqidchilar qoʻshiq „Oʻtgan kunlar“ filmi uchun ideal tanlangan, degan fikrni ilgari surgan. Xususan, Hojiakbar Hamidov qoʻshiq „kinoga juda uygʻun“, degan:

Oʻzbeklarda yana bir gap bor. Yigʻlab koʻrishdi degan. Xudo rahmat qilsin Murodjon Ahmedov ijro qilgan bu qoʻshiq sasi kinoga juda uygʻun. Dramatik bariton deb tasniflanadigan Murod akaning ovozi Otabek va Kumush fojiasini talqin qilishga qodir boʻldi. „Oʻtgan kunlar“ kinosidagi bosh qahramon haëtini ostin-ustun qilgan ayriliq kunlarini aks ettirish uchun Boborahim Mashrabning gʻazali va Murodjon Ahmedovning ijrosi zarur edi[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 „“Ўткан кунлар” киноси машҳур қилган “Ўртар” қўшиғи ҳақида“. Ozodlik radiosi (25-noyabr 2014-yil). Qaraldi: 26-iyun 2022-yil.
  2. „Yosh maqom ijrochilari“. Jarqoʻrgʻon tuman hokimligi. Jarqoʻrgʻon tuman hokimligi Axborot xizmati (7-dekabr 2021-yil). Qaraldi: 17-iyul 2022-yil.

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (2 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 28-iyul, 2022-yil(2022-07-28) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.