Viktoriya (Victoria) — nilufardoshlarga mansub koʻp yillik oʻt. Jan. Amerikadagi Amazonka va Orinoko daryolarining tinch oqadigan joylarida usadi. Bargi juda yirik, doyra shaklida, diametri 2 m gacha. Bargining cheti tepaga bukilgan. Usti yashil, osti qizgʻish, suvga botib turgan yoʻgʻon tomirlari va qattiq tikanlari bor. Tomirlari orasida havo pufakchalari boʻlga-nidan, barg 50 kg gacha yukni koʻtara oladi. V. manzarali oʻsimlik sifatida oranjereya va botanika bogʻlarida oʻstiriladi. V. oʻz vatanida yil davomida, akvariumlarda avgustda gullaydi. Gulining diametri 40 sm gacha. Guli oq, xushboʻy, bir yarim sutka davomida gullaydi. Gʻunchasi oqshom paytida suv yuzasiga koʻtarilib. oq bulib ochiladi, tong otgandan soʻng och qizil tusga kiradi, kunduzi yopiladi, qorongʻi tushgach toʻq qizil tusga kiradi; ikkinchi kecha oʻtib, tong otgach yana suv ostiga choʻkadi. Suv ostida meva hosil qiladi. Mevasi ichidagi noʻxatdek urugʻi isteʼmol qilinadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil