Kontent qismiga oʻtish

Filologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Filologiya (qadimgi yunoncha: φιλολογία, philologia — „Soʻzni sevish“, „Soʻzga mehr“) — gumanitar fanlar — tilshunoslik, adabiyotshunoslik, matnshunoslik, manbashunoslik, paleografiya va boshqa larning hamkorligidan tarkib topgan umumiy fan; yozma yodgorliklarni lisoniy va stilistik jihatdan taxlil etish orqali inson maʼnaviy madaniyatining tarixi va mohiyatini oʻrganadi. Oʻz ichki masalalari va tashqi aloqalari yigʻindisidan iborat boʻlgan matn filologiyaning mavjudligini belgilovchi ilk asos hisoblanadi. Asosiy diqqat eʼtiborni matnga qaratish, unga yordamchi sharxlar yaratish (filologiya asarlarning eng qad. shakli) orqali filologiya ayni shu nuqtai nazar asosida inson turmushini, eng avvalo, maʼnaviy turmushini butun kengligi va teranligi bilan qamrab oladi. Filologiya yozuv madaniyati nisbatan yuksalgan davrda paydo boʻlgan.

Yaqin Sharqdagi qad. yuksak taraqqiy etgan madaniyatlar filologiyadan deyarli bexabar boʻlgan, oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada ham unga yetarlicha eʼtibor berilmagan; ayni paytda filologiya falsafaning vatani, qadimgi Hindiston va Yunonistonda soʻz va nutq ustida fikrlash, uni taxlil qilish tarzida, falsafa bilan uygʻunlikda paydo boʻlgan. Falsafadagi mavhumlikka intilish bilan filologiyaning aniqligi, konkretligi oʻrtasida keyinchalik roʻy bergan ixtiloflarga qaramay, falsafa va filologiyaning dastlabki yaxlitligi, bir butunligi tasodifiy boʻlmagan: filologiyaning yuksalish, oʻta rivojlanish davrlari koʻpincha gnoseologik tafakkurning buyuk davrlaridan (masalan, ellinistik dunyoda — Aristoteldan, 17-asrda Yevropada — R. Dekartdan, 19-asrda Germaniyada — I. Kantdan) soʻng roʻy bergan.

Hind filologiyasi Panini (miloddan avvalgi 5—4asrlar), Patanjali (miloddan avvalgi 2-asr) kabi grammatistlarni, keyinchalik uslub nazariyotchilarini tarbiyalab yetishtiradi; Qadimgi Xitoy madaniyati oʻz filologik anʼanalariga ega boʻlgan (Lyu Se asarlari, milodiy 5—6-asrlar). Lekin Qadimgi Hindiston va Xitoyning filologik taʼlimoti, bu sohasidagi yutuqlari yangi va eng yangi davrlargacha yevropaliklarga maʼlum emas edi. Yevropa filologiyasi anʼanalari butunlay yunon manbalariga, antik dunyo filologiyasiga tayanib ish koʻrgan. Sofistlar davrida (miloddan avvalgi 5-asrning 2-yarmi — 4-asrning 1yarmi) adabiyot sohasi nazariy poetika va filologiyaning obʼyekti boʻlish uchun noadabiy muhitdan yetarli darajada ajralib chiqadi. Sofistlardan Protagor, Gorgiy, Prodik va boshqa filologik metodlarni ishlab chiqishda katta xizmat qilganlar; yunon adabiyot nazariyasi Aristotelning „Poetika“ asari bilan yuqori bosqichga koʻtariladi. Ellinistik davrda (miloddan avvalgi 3—1-asrlar) filologiya falsafa fanidan ajralib chiqadi va mutaxassislar — Iskandariya va Pergam kutubxonachilari qoʻliga oʻtadi: ular antik mualliflarning tuzatilgan matnlarini aniqlash va sharxlash bilan shugʼullanganlar. Frakiyalik Dionisiy (taxminan miloddan avvalgi 150^90-yillar) soʻz turkumlarining hozirgacha ham qoʻllanib kelayotgan nazariyasini uzil-kesil ishlab chiqdi. Ilk xristianlik davri olimlaridan Origen, Iyeronim (Injilni birinchi marta lotinchaga tarjima qilgan shaxs) Injilning asl nusxasi va yunoncha tarjimasi ustida ulkan tekstologik ishlarni amalga oshirdilar. Yunon filologiyasi anʼanalari oʻzining antik holatini (mumtoz matnlarni oʻrganish va sharxlash) batamom saqlagan holda oʻrta asrlarda Vizantiyada davom ettiriladi; Rim imperiyasi qulagandan soʻng (1453) Uygʻonish davri Italiyasi qochib kelgan olimlar tufayli Vizantiya filologiyasini meros qilib oladi. Qadimgi Rimda filologiya tilning fammatik jihatini, imlosini oʻrganadigan fammatikadan farqlanib turgan. Filologiyaning keyingi taraqqiyot bosqichi Uygʻonish davridagi Dante, Bokkachcho, Petrarka, Lorenso Vall risolalari bilan bogʻliq. Ushbu risolalarda Aristotel asarlarining haqiqiy mazmuni aniqlangan, Qadimgi Yunon va Rimlik yozuvchilarning yozma matnlari tanqidiy nuqtai nazardan oʻrganilgan va sharxlangan.

Oʻrta asrlarda filologiya Yevropada tushkunlikka uchragan davrda, 8—14-asrlar davomida arab filologiyasi keng koʻlamda rivojlana boshlaydi. Arab filologiyasida tilshunoslik, qisman adabiyotshunoslik sohalari rivojlangan. Bu davrda Kufa va Basra grammatik maktab (oqim)lari yuzaga kelgan. Basra grammatik oqimi vakillari: Xalil ibn Ahmad (8-asr) va uning shogirdi Sibavayhiy oʻz asarlarida klassik arab tili meʼyorlarini ishlab chiqib, arab tilining birinchi izohli lugatini tuzganlar, Sibavayhiy arab tilida soʻz turkumlarini 3 asosiy guruhga (ism, feʼl, harf) ajratgan va soʻz turkumlarining sintaktik munosabatlarini belgilagan. Kufa grammatik oqimi vakillari esa oʻz asarlarini arab tili sintaksisiga, arab tilining dialektal grammatik xususiyatlariga bagʻishlaganlar. 9— 10-asrlarda har ikki grammatik oqim mustaqil tilshunoslik maktabi darajasiga koʻtarilgan. Basra va Kufa fammatik oqimlari asosida Bagdod fammatik maktabi yuzaga keladi, Bagʻdod grammatik nazariyasi yaratiladi. Bagʻdod grammatik oqimining vakili Ibn Jinniy (10-asr) oʻz asarlarida etimologiya masalalariga eʼtibor bergan. Arab xalifaligi hukmronligi Suriya, Misr, Eron, Ispaniya, Oʻrta Osiyoga qadar tarqalishi munosabati bilan bu hududlarda ham Kufa, Basra, Bagdod fammatik oqimlari taʼsirida filologtilshunoslar yetishib chiqadi.

Arab filologiyasi anʼanasining tashkil topishi va taraqqiy etishida arablar bilan bir qatorda boshqa xalqlarning arab tilida ijod etgan vakillari ham ishtirok etgan. Ingliz sharqshunosi Ye. Braunning koʻrsatishicha, arab fani va madaniyatining eng moʻtabar vakillari deb sanalgan 45 kishidan 30 tasi arab boʻlmagan xalklarning vakillari boʻlgan. Turkiy filologiya fanining vujudga kelishi ham ayni mana shu olimlarning ilmiy faoliyati bilan bogʼlanadi.

Turkiy xalqlarda filologiya qadimda maxsus fan sifatida qaralmagan boʻlsada, unga oid juda koʻplab asarlar — lugʻatlar, fammatikalar, adabiyotshunoslikka doir risolalar, tazkiralar, turkiy xalqlar tarixi va etnografiyasiga doir kitoblar yozilgan. Mahmud Koshgʻariy (11-asr) turkiy xalqlar madaniyati va fani tarixida alohida oʻrin tutadi. U turkiy filologiya fanini yaratgan olimlardan biri va birinchisidir. Uning „Devonu lugʻotit turk“ asarida bu fanning deyarli barcha sohalari yoritilgan: turkiy tillar leksikasi, fonetikasi va morfologiyasi, turkiy tillar tasnifi, turkiy xalqlarning ogzaki ijodi va boshqa Asarda, shuningdek, turkiy xalqlar etnografiyasi, toponimikasi, geografik joylashuviga oid qimmatli maʼlumotlar ham bor. M. Koshgariy tillarni qiyosiy oʻrganishga ham asos solgan. Oʻz davri olimlari tomonidan „Jorulloh“ („Allohning qoʻshnisi“) laqabini olgan Mahmud Zamaxshariy (11 —12-asrlar) Sharq fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshdi. U falsafa, tarix, adabiyotshunoslik, folklorshunoslik, tilshunoslik kabi fanlarga oid 50 dan ortiq asar yaratdi. Uning „Muqaddimat uladab“ asari faqat arab tili va tilshunosligi tarixini oʻrganish jihatidangina emas, balki turkiy xalqlar tillari tarixini oʻrganish jihatidan ham muhim ahamiyatga ega. Asarning lugʻat qismida arabcha soʻzlarning forscha, moʻgʻulcha tarjimalari bilan bir qatorda turkiycha tarjimalari ham berilgan. Bulardan tashqari, 13—19-asrlarda nomi mashhur yoki nomaʼlum mualliflar tomonidan yaratilgan 10 dan ortiq bir tilli yoki ikki tilli izohli lugʻatlar turkiy tillarda filologiya fanining rivojiga muayyan hissa boʻlib qoʻshildi. Shuningdek, Alisher Navoiyning „Muhokamat ul-lugʻatayn“, „Mezon ulavzon“, „Majolis un-nafois“, „Tarixi muluki Ajam“ asarlari, Boburning „Muxtasar“ („Risolai aruz“) va „Boburnoma“si, Abulgʻoziy Bahodirxonning „Shajarai turk“ va „Shajarai tarokima“ kitoblari, Munis, Ogahiy, Bayoniy kabi mualliflarning tarixga oid asarlari, Shayx Ahmad Taroziyning adabiyotshunoslikka oid „Funun ulbalogʻa“ kitobi va boshqa ilmiy asarlar ham keng maʼnoda filologiya fanini boyitgan.

18-asrda Germaniyada filolog I.I. Vinkelmanning „Neogumanizm“ (yangi gumanizm) nazariyasi paydo boʻlishi sababli filologiyaning yangi davri boshlanadi. Antik dunyoning yaxlit, bir butun obrazi haqidagi masala Uygʻonish davridagidek, hatto yanada koʻproq ilmiy talabchanlik bilan oʻrtaga tashlanadi. Nemis filologi filologiya A. Volf „filologiya“ terminini qadimiyat, antik dunyo haqidagi fanning nomi sifatida amalga kiritadi. Bu davrda filologiya juda keng maʼnoda tushunilib, nafaqat muayyan xalq tili va adabiyotini, balki tarixi, falsafasi, sanʼati va hatto moddiy madaniyatini oʻrganishni ham oʻz ichiga olgan. Filologiyaning qadimgi madaniyat yodgorliklarini oʻrganuvchi, yunon va rimlik mualliflar asarlarini sharhlovchi boʻlimi keyinchalik „Klassik filologiya“ deb atalgan. 19-asrda filologiyaning boshqa fanlardan ajralish jarayoni kuchaygan edi. Nemis filologlari G. Uzener, E. Rode, U. fon Vilamovits Myollendorf va boshqalarning faoliyati natijasida qadimgi dunyo tarixi mustaqil fan tarmogʻi sifatida filologiyadan ajralib chiqadi; ayni shu davrda romantizm va boshqa goyaviy oqimlarning taʼsiri ostida „Klassik filologiya“ bilan bir qatorda „yangi filologiya“ ham vujudga keldi: germanshunoslik (Aka uka Yakob va Vilgelm Grimmlar), slavyanshunoslik (A. Vostokov, V. Ganka), sharqshunoslik kabi. Shu bilan birga aka-uka Grimmlar, filologiya Dits, I. Dobrovskiy, A. Vostokov va boshqa filologlar tillarni oʻrganishning qiyosiy-tarixiy metodini ishlab chiqdilar. 18—19-asrlarda filologiyaning bir tarmogʻi sifatida turkiyshunoslik fani paydo boʻldi.

Filologiyaning yuqoridagidek maxsus boʻlimlari yuzaga kelgan va qiyosiy-tarixiy metod qoʻllana boshlagan davrda filologiya tushunchasi torayib, tilshunoslikka tenglashib kelgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida filologiya tushunchasi hiyla oydinlashadi va u tillar va adabiyotlarni oʼrganishni qamrab oladi; matnshunoslik, manbashunoslik, paleografiya kabi fanlar filologiyaning yordamchi sohalari sifatida paydo boʻladi, ayniqsa, matnshunoslikning shakllanishi va rivojlanishi qadimgi qoʻlyozmalarni, mumtoz shoirlarning (masalan, Yusuf Xos Hojib, Atoiy, Navoiy, Bobur; Pushkin, Lermontov va boshqalar) asarlarini nashr etishda muhim rol oʻynadi. Filologiyani tashkil etuvchi tilshunoslik va adabiyotshunoslik fanlari, oʻz navbatida, maxsus sohalarga tarmoklanadi: umumiy tilshunoslik, til tarixi, hozirgi tillarni oʻrganish; adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi, adabiy tanqid va boshqa filologiya doirasiga folklorshunoslik ham taalluqlidir, chunki folklor ham soʻz sanʼati hisoblanadi.

Hozirgi filologiya til va adabiyotni oʻrganishning yangi-yangi muammolarini oʻrtaga tashlab, yangi-yangi metodlarni ishlab chiqmoqda; ijtimoiy hayotning barcha davrlariga xos yozma manbalar bilan uzviy bogʻlangan holda rivojlanmoqda; filologik tadqiqotlar mavjud manbalarga chuqur ilmiy va tanqidiy nuqtai nazardan yondoshgan holda olib borilmoqda. Bir paytlar yagona, yaxlit fan hisoblangan filologiya bagʻridan ajralib chiqib, mustaqil fanlarga aylangan tarix, falsafa, sanʼatshunoslik, madaniyat tarixi kabi soxlarning vazifalari bilan oʻz vazifalarini chegaralab olish, shu bilan birga, ular bilan ijodiy hamkorlik qilish hozirgi filologiyaning eng muhim oʻziga xos xususiyatidir.

Oʻzbek filologiyasining asoslari M. Koshgʻariy, M. Zamaxshariy davriga va asarlariga borib taqalsa ham, ayerlar mobaynida oʻziga xos tarzda rivojlanib kelgan boʻlsa ham, hozirgi maʼnodagi oʻzbek filologiyasi 20-asr boshlaridan shakllana boshladi: oʻzbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi, manbashunosligi va matnshunosligi filologiya fanining tarmoqlari sifatida taraqqiy etdi. Hozirgi oʻzbek filologiyasi jahon filologiya fanining tarkibiy qismi sifatida har tomonlama rivojlanmoqda. Oʻzbek filologiyasi taraqqiyotiga M. Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Avloniy, Elbek, Gʻozi Olim Yunusov, A. Zohiriy, Otajon Hoshim, Hodi Zaripov, S. Ibrohimov, P. Shamsiyev, Sh. Xurshid, Olim Sharafiddinov, S. Mutallibov, Izzat Sulton, O. Usmonov, S. Usmonov, U. Tursunov, filologiya Kamol, V. Abdullayev, V. Zohidov, Gʻ. Karimov, filologiya Abdullayev, A. Gʻulomov, H. Sulaymonovlar, rus olimlaridan Ye. Polivanov, K. Yudaxin, A. Borovkov, V. Reshetov, A. Kononov, A. Shcherbak va boshqalarning munosib xissalari bor. Shuningdek, Sh. Shoabdurahmonov, Gʻ. Abdurahmonov, A. Hayitmetov, A. Qayumov, A. Rustamov, Q. Mahmudov, M. Asqarova, H. Rahmatullayev, A. Hojiyev, A. Abdugʻafurov, B. Valixoʻjayev, N. Karimov, T. Mirzayev, B. Nazarov, E. Fozilov, E. Begmatov, H. Neʼmatov, A. Nurmonov, N. Maxmudov va boshqa hozirgi kundagi oʻzbek filologiyasini rivojlantirishda oʼz ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etib kelmoqdalar.

  • Qoʻchqortoyev I., Isabekov B.; Turkiy filologiyaga kirish, Toshkent, 1984.
  • Nurmonov A.; Oʻzbek tilshunosligi tarixi, Toshkent, 2002.