Kontent qismiga oʻtish

Indoneziya geografiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Indoneziya dunyodagi eng katta arxipelag mamlakat hisoblanadi. Indoneziya gʻarbdan sharqqa — 5120 km masofaga choʻzilgan, shimoldan janubga −1760 km masofaga choʻzilgan. Hind okeanidan Tinch okeanigacha boʻlgan asosiy dengiz yoʻllari arxipelagdan va janubiy suv hududlaridan oʻtadi. Rasmiy statistika Indoneziyada 17 804 ta orolni oʻz ichiga oladi; shundan 6000 ga yaqini aholi istiqomat qiladi, 7870 tasi nomli va 9634 tasi nomsiz orollar hisoblanadi. Indoneziyaga 5 ta asosiy orol, 2 ta yirik orol (Kichik Sunda va Molukkas) va 30 ta kichik arxipelag kiradi. Eng yirik orollar: Yangi Gvineya, Kalimantan (Borneo), Sumatra, Sulavesi (Celebes) va Yava orollari hisoblanadi. Qolgan orollar ancha kichikroq. Mamlakat ekvatorning ikkala tomonida joylashgan. Arxipelag Tinch okeani va Hind okeanlarini ajratib turadi.

Indoneziya hududi:

  • jami — 1 904 569 km²;
  • yer maydoni — 1 811 569 km²;
  • ichki suvli hududlar — 93 000 km².

Quruqlik chegarasining umumiy uzunligi 2830 kmni tashkil etadi, shundan Malayziya bilan — 1782 km, Papua-Yangi Gvineya bilan — 820 km, Sharqiy Timor bilan — 228 km. Sohil chizigʻi: 54,716 kmni tashkil etadi. Indoneziyadagi eng baland joyi Yaya togʻi (4884 m), ikkinchisi Mandala togʻi (4760 m) hisoblanadi.

Butun hududning atigi 10 %i qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli yerlar hisoblanadi.

Sumatra, Yava, Madura va Kalimantan Zond shelfida yotadi va geograflar odatda ularni (Sulavesi bilan) Katta Zond orollari arxipelagiga birlashtiradi deb takidlaydi. Indoneziyaning sharqiy uchi va bu Yangi Gvineya orolining gʻarbiy qismi Sahul shelfida joylashgan. Zond va Sahul shelflarida dengizning chuqurligi oʻrtacha 200 metr yoki undan kamni tashkil etadi. Ushbu ikki shelf oʻrtasida Sulavesi, Kichik Zond orollari va Molukka orollari joylashgan boʻlib, orollarning ikkinchi guruhini tashkil qiladi, bu yerda atrofdagi dengizlarning chuqurligi baʼzi joylarda 4500 metrga yetadi.

Kichik Zond orollari sharqqa Balidan Yangi Gvineyagacha choʻzilgan ikkita orol yoyidan iborat. Ichki yoy Sumatradan Yava, Bali va Flores orqali choʻzilgan togʻlar va vulqonlar zanjirining davomi boʻlib, vulqon Banda orollarida tugaydi. Arxipelagning tashqi yoyi — Nias, Mentavay va Enganoni oʻz ichiga olgan Sumatra gʻarbidagi orollar zanjirining geologik davomi hisoblanadi.

Moluccas geologik jihatdan Indoneziya orollari orasida eng murakkab hisoblanadi. Ular arxipelagning shimoli-sharqiy qismida joylashgan boʻlib, shimolda Filippin, sharqda Yangi Gvineya va janubda Kichik Zond orollari bilan chegaradosh.

Geomorfologlarning fikricha, Yangi Gvineya oroli bir paytlar Avstraliya qitʼasining bir qismi boʻlgan boʻlishi mumkin. Uning yemirilishi va tektonik faolligi orolning sharqdan gʻarbiga choʻzilgan markaziy tizmaning baland, qor bilan qoplangan togʻ choʻqqilarini, qirgʻoq boʻylab issiq, nam allyuvial tekisliklarni hosil qilgan.

Mamlakat hududining katta qismi yosh kaynozoy tektogenezi hududiga tegishli; Sumatra orolining shimoli-sharqiy qismi va unga yaqin orollar, shuningdek Kalimantan orolining janubi-gʻarbiy qismi mezozoyga, Yangi Gvineya orolining markaziy qismi va Aru oroli mezozoydan oldingi davrga tegishli hisoblanadi. Indoneziya permokarbon, paleozoy, mezozoy va paleogen-neogen effuziv-choʻkindi yotqiziqlarining metamorfik jinslari, shuningdek, toʻrtlamchi vulqon tuzilmalaridan iborat.

Marganets rudalari Kalimantan va Sumatraning gʻarbiy va markazidagi Permokarbon diabazlari va metamorfik jinslari bilan, temir rudalarining skarn konlari esa granodiyorit inruziyalari bilan bogʻliq. Riau, Banka va Belitung orollarining qalay konlari trias davridan keyingi granit batolitlari bilan bogʻliq. Kalimantanning janubi-gʻarbiy va gʻarbiy qismida oltin, mis, temir, molibden, surma, rux va qoʻrgʻoshin rudalarining konlari va koʻrinishlari ham geologik davrlar bilan uzviy bogʻliq hisoblanadi. Temir, qoʻrgʻoshin va rux, oltin va kumush rudalari konlari Sumatra orolining boʻr jins qatlamlariga bogʻliq. Janubiy Sumatra, Janubiy Yava va Sulavesi gʻarbiy sohil gʻarbiy qirgʻoq tizmalarining miotsen vulqon-plutonik faolligi zonasida mis, qoʻrgʻoshin va ruxning kichik rudalari bilan birga keladigan oltin-kumush vulqon kanllari mavjud. Flores orolida va Sulavesi janubi-gʻarbiy qismida temir rudalarining skarn koʻrinishlari mavjud. Miosen davri ohaktoshlarida marganes rudalari konlari keng tarqalgan. Neft konlari Sumatra, Yava, Kalimantan, Sulavesi, Seram, Yangi Gvineya va Yava dengizining neogen davri yotqiziq hududlarida keng tarqalgan.

Seysmologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Indoneziya sayyoradagi eng seysmik faol zonalardan birida joylashgan va Tinch okeanining olov halqasi deb ataladigan qismida joylashgan davlat hisoblanadi. Bu yerda Hind-Avstraliya va Tinch okeani plitalari Yevroosiyo kontinental plitasi toʻqnashgan hududlar hisoblanadi. Vulkanlar zanjiri Sumatradan Banda dengizigacha, Sumatra, Yava, Bali, Kichik Sunda orollari orqali, Banda orollari yaqinida Sulavesi shimoli-sharqiga qadar halqa hosil qiladi.

Indoneziyadagi 400 ta vulqondan 150 ga yaqini faol hisoblanadi. 1972—1991-yillarda 29 ta vulqon otilishi qayd etilgan, asosan Yavada orollarida eng koʻp qayd etilgan. Zamonaviy davrning ikkita eng halokatli portlashi Indoneziyada sodir boʻldi, 1815-yilda — Sumbavadagi Tambora vulqoni otilishi natijasida 92 mingga yaqin odamning halok boʻldi va 1883-yilda — Krakatoa vulqoni esa 36 000 kishining hayotiga zomin boʻldi.

Har yili seysmik mintaqada 4 balldan katta boʻlgan 7000 tagacha zilzilalar qayd etiladi.

Arxipelagning deyarli barcha orollarining relyefi tektonik va eroziya jarayonlari natijasida alohida massivlarga ajratilgan rrelyef shakllariga ega boʻlgan hududlar hisoblanadi. Ulardan baʼzilari faol va soʻngan vulqonlarning asoslari boʻlib, ularning tepalari orollarning eng baland nuqtalari hisoblanadi. Katta orollarda togʻlardan tashqari yosh pasttekisliklar — allyuvial yoki vulqon otilishi natijasida magma choʻkindilari hisobiga tashkil topgan.

Sumatraning gʻarbiy chekkalarini togʻ tizmalari va platolar egallaydi. Ular paleozoy davrining kristalli jinslaridan iborat boʻlib, neogen davrida kuchli parchalangan va katta katta yoriqlarni paydo qilgan. Orolning janubiy qismida faol va soʻngan vulqonlar mavjud. Ulardan eng balandi va faoli Kerinchi (3800 m) hisoblanadi. Sharqda tepalikli togʻ etaklari chizigʻi deyarli butunlay botqoq boʻlgan ulkan allyuvial pasttekislikka aylanadi. Bu Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng katta ekvatorial botqoq boʻlib, uning kengligi joylarda 250 km gachani tashkil etadi.

Ekvator boʻylab choʻzilgan Indoneziyaning iqlimi butun yil davomida nisbatan tekis taqsimlangan. Mamlakatda ikki fasl bor — nam va quruq — yoz yoki salqin qish. Arxipelagning koʻp qismida nam mavsum oktabrdan aprelgacha, quruq mavsum esa maydan sentabrgacha kuzatiladi. Kalimantan va Sumatra kabi baʼzi mintaqalarda fasllar orasidagi yogʻingarchilik va haroratda ozgina farq bor, boshqalari, masalan, Kichik Zond orollari, quruq mavsumda qurgʻoqchilik va namgarchilik davrda suv toshqini bilan ancha sezilarli tebranishlarni boshdan kechiradi. Indoneziyada yogʻingarchilik koʻp, ayniqsa Gʻarbiy Sumatra, Kalimantan shimoli-gʻarbi, Gʻarbiy Yava va Yangi Gvineya gʻarbida yuqori hisoblanadi,

Sulavesi va Avstraliyaga yaqin joylashgan orol hisoblanadi, ammo bir buncha boshqa orollarga qaraganda iqlimi quriq hisoblanadi. Indoneziya hududining 81 % ni tashkil etuvchi deyarli bir hil issiq suvlar quruqlikda doimiy haroratni kafolatlaydi. Sohilboʻyi tekisliklari uchun oʻrtacha 28 °C, ichki va togʻli hududlarda oʻrtacha 26 °C, baland togʻlarda 23 °C iqlim haroratini tashkil qiladi. Mamlakatning nisbiy namligi 70 % dan 90 % gachani tashkil etadi. Shamol moʻtadil, mussonlar odatda iyun-oktabrda janubdan va sharqdan, noyabr-martda shimoli-gʻarbdan esadi. Tayfunlar va kuchli boʻronlar Indoneziya suvlarida dengizchilarni unchalik tashvishga solmaydi; asosiy xavf Lombok va Sape kabi boʻgʻozlardagi tez oqimlar hisoblanadi.

Yer usti suvlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻp sonli daryolar, tor va chuqur daraga oʻxshash vodiylar bilan togʻlarni kesib oʻtib, botqoqli qirgʻoq pasttekisliklarini qoldirib okeanlarga oʻz suvini qoʻyadi.

Pasttekisliklarda yogʻingarchilikning koʻpligi, bugʻlanishning pastligi va oʻsimliklar zich boʻlgani sababli suv oqimi qiyin kechadi. Bu yerda katta botqoqliklar hosil boʻlib, hududning iqtisodiy rivojlanishiga va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda birmuncha toʻsqinlik qiladi.

Daryolar suv sarfi yil davomida deyarli oʻzgarmaydi, Yava janubi-sharqidan tashqari, quruq davrda kichik daryolar quriydi. Indoneziyadagi daryolarning koʻpchiligi uzun boʻlmagan va yil davomida suv sarfi bir hil boʻlgan daryolar hisoblanadi. Ulardan eng kattasi — Kapuas (Kalimantan) — 1040 km ga yetadi. Daryolarning yuqori oqimida suv energiyasining katta zaxiralari mavjud. Pastki oqimlari sugʻorish va navigatsiya uchun ishlatiladi.

Flora va fauna

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umumiy xarakteristikalar, rayonlashtirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Indoneziya hududini biogeografik rayonlashtirish: koʻk chiziq — Uolles chizigʻi. Wallaceia qizil rang bilan belgilangan, uning gʻarbida Sundalend zonasi va sharqda Sahul zonasi joylashgan.

Indoneziyaning tabiati juda xilma-xildir: bu yerda sayyoramizning biologik turlarining taxminan 17 % joylashgan. Oʻz hududida topilgan biologik turlar soni boʻyicha mamlakat dunyoda Braziliyadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi[1][2].

Indoneziya ekotizimining eng muhim xususiyati shimoldan janubga Kalimantan va Sulavesi orollari, keyin esa Bali va Lombok orollari orasidan oʻtuvchi Uolles chizigʻi bilan belgilangan biogeografik rayondir. Uning gʻarbiy qismidagi orollarning aksariyati tarixdan oldingi davrlarda Janubiy-Sharqiy Osiyo qitʼasi bilan bogʻlangan va u bilan Sundaland biogeografik mintaqasini tashkil etgan boʻlib, asosan Osiyo tipidagi flora va fauna olami ushbu hududlarga meros boʻlib qolgan. Uolles chizigʻining sharqida joylashgan Yangi Gvineya va unga tutash bir qator orollar, oʻtmishda Avstraliya — Sahul bilan yagona materikni tashkil qilgan, shu ushbu hududlarda asosan Avstraliyani biogeografiyasiga yaqin turlar yashaydi. Shu bilan birga, tabiiy nuqtai nazardan eng oʻziga xos boʻlganlar Uolles chizigʻining har ikki tomonida joylashgan hududlar — Uolles deb ataladigan hudud, jumladan Sulavesi, Mollukki va Kichik Zond orollarining koʻpchiligi kiradi. Ushbu orol hududlarida Indoneziyaga xos boʻlgan[3] koʻplab flora va fauna dunyosi keng tarqalgan[4].

Oʻsimliklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XXI asrning boshlarida Indoneziyada topilgan oʻsimlik turlarining soni taxminan 28 000 ga teng edi. Mamlakat hududining kamida 60 % nam doimiy yashil ekvatorial oʻrmonlar bilan qoplangan, eng koʻp oʻrmon hududlari Kalimantan va Yangi Gvineya orollarida tarqalgan, nisbiy jihatdan eng kichik hududlar esa Yava orolidagi oʻrmon sanaladi[5][2].

Ekvatorial oʻrmonlar tekis va togʻli hududlarga xosdir. Dengiz sathidan taxminan 1500 m balandlikda, ulardagi oʻsimliklarning asosiy turlari ficuslar, turli xil dipterokarplar, althingii, pandanus, palma, daraxt paporotniklari, bambuklardir. 2500-3000 m balandlikda togʻli tropik oʻrmonlar keng tarqalgan boʻlib, ularda doimo yashil keng bargli va ignabargli turlar, hatto baland togʻli qiyshiq oʻrmonlar, butalar va turli xil oʻtlar oʻsadi. Sohilboʻyi past joylashgan hududlarda (Kalimantan, Yangi Gvineya) mangrovlar keng tarqalgan. Mamlakatning janubi-sharqiy qismidagi orollarda ham bargli tropik oʻrmonlar va savannalar mavjud boʻlib, ular koʻpincha oʻrmonlarni kesishdan keyin hosil boʻlgan. Oʻrmonlar maydoni insonning iqtisodiy faoliyati taʼsirida qisqarmoqda — bu jarayon Yava va Sumatrada eng yuqori hisoblanadi va oʻrmon maydonlari kamayib bormoqda.

Tonka makaka

Hayvonot dunyosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Indoneziya dunyodagi barcha mamlakatlar orasida eng boy fauna olami ega mamlakat hisoblanadi[6]. Indoneziyada yashovchi hayvonlarning deyarli barcha asosiy sinflari xilma-xilligi bilan ajralib turadi. XXI asr boshlarida bu yerda sutemizuvchilarning 515 turi, qushlarning 1531 turi, kapalaklarning 122 turi, sudralib yuruvchilarning 600 dan ortiq turlari va amfibiyalarning 270 dan ortiq turlari roʻyxatga olingan. Shu bilan birga, sut emizuvchilarning 39 % va qushlarning 36 % endemik hisoblanadi.

Ekologik holat, atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Indoneziyaning geografik joylashuvini, uning turli mintaqalaridagi insoniyat rivojlanishining turli darajalarini hisobga olgan holda, mamlakatdagi ekologik vaziyat bir xil emas, ekologik vaziyat Indoneziyada aholining oʻsishi va iqtisodiy faoliyatning oshishi, sanoatlashuv negizida yamonlashib bormoqda. Bu sohadagi asosiy muammolar atmosferaga issiqxona gazlari hajmining oʻsishi (Indoneziya bu koʻrsatkich boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda), oʻrmonlarning ommaviy kesilishi, sanoat chiqindilaridan havo va suvning ifloslanishi va chuchuk suv isteʼmolining oʻsishi asosiy muommolardan biri sanaladi[7]. Vaqti-vaqti bilan katta maydonlarni qamrab olgan oʻrmon yongʻinlari atrof-muhitga katta zarar yetkazmoqda: ularning oqibati nafaqat ularda yashovchi hayvonlar bilan birga muhim oʻsimliklarning yoʻqolishiga olib kelmoqda.

Hokimiyat sanoat va qishloq xoʻjaligi faoliyatining atrof-muhitga zararli taʼsirini cheklash boʻyicha bir qator dasturlarni amalga oshirmoqda. Turli qoʻriqxonalarda yovvoyi tabiatni saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlar shukar jumlasidandir. 2008-yil holatiga koʻra Indoneziyada 349 ta qoʻriqxonalar, yovvoyi tabiat qoʻriqxonalari, milliy bogʻlar va boshqa turdagi qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar mavjud boʻlib, ular Indoneziya umumiy yer maydonining 14,63 % (278 315 km2) egallaydi va dengiz maydonining 2 ,98 % (178 807 km2)[8][9] maydonini egallaydi. Koʻpincha YuNEP va boshqa ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tabiatni muhofaza qilish choralari tufayli hayvonlar va oʻsimliklarning yoʻqolib borayotgan ayrim turlari populyatsiyasining kamayishini toʻxtatish va ayrim hollarda ularning sonini koʻpaytirish ishlari amalga oshirilmoqda[10][11][12].

  1. Lester, Brown, R.. State of the World 1997: A Worldwatch Institute Report on Progress Toward a Sustainable Society (14th edition). New York: W. W. Norton & Company, and 1997 — 7-bet. ISBN 0-393-04008-9. 
  2. 2,0 2,1 „Indonesia's Natural Wealth: The Right of a Nation and Her People“. Islam Online (2003-yil 22-may). 2006-yil 17-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 6-oktyabr.
  3. T. R. New. „Neuroptera of Wallacea: A Transitional Fauna Between Major Geographical Regions“ (en) (PDF). Department of Zoology, La Trobe University, Australia. 2012-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  4. T. R. New. „Neuroptera of Wallacea: A Transitional Fauna Between Major Geographical Regions“ (en) (PDF). Department of Zoology, La Trobe University, Australia. 2012-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  5. БСЭ 1972.
  6. Dikaya priroda Indonezii. Volshebnie lesa. — Original: Wild_Indonezia. Magical Forest. Dokumentalniy film. — Би-Би-Си. — 2000. — 3 minuta.
  7. Higgins, Andrew. „A climate threat, rising from the soil“. The Washington Post (2009-yil 19-noyabr). 2019-yil 24-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 11-dekabr.
  8. „Kawasan Lindung Nasional“ (en). Sekretariat Negara Republik Indonesia. 2011-yil 19-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 10-mart.
  9. „Охраняемые территории Индонезии“. Protected Planet. 2012-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 25-noyabr.
  10. „Buru rain forests“ (en). World Wildlife Fund (2001). 2011-yil 19-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 4-fevral.
  11. „Buru rain forests“ (en). World Wildlife Fund (2001). 2011-yil 19-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 4-fevral.
  12. „Sejarah Hutan Lindung Bawean“ (id) (2008-yil 27-oktyabr). 2011-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 16-avgust.