Orolboʻyi qoraqumi
Orolboʻyi qoraqumi - Orol dengizining Shimoli-sharqida joylashgan hudud. Orolboʻyi qoraqumining mutlaq balandligi sharqdan (160 m) gʻarbga, shuningdek, Orol dengizi botigʻiga (53 m) qarab pasayib boradi. Eng baland joylari alohida turgan gilli qoldiqlardan (Jilonqir, 157 m va boshqalar) iborat. Ular atrofidagi tekisliklardan 20–50 m koʻtarilib turadi. Qum uyumlarining qalinligi 10–30 m. Orolboʻyi qoraqumi hududining zamini boʻr, paleogen va neogen togʻ jinslaridan tashkil topgan, asosan, gil-qum yotqizikdari keng tarqalgan. Bu jinslar baʼzi joylarda yer yuzasiga yaqin, baʼzan chiqib qolgan. Qum mas-sivlarining eni va uzunligi turlicha, mas, Jeneshkequm massivining uz. 100–120 km, eni 10–15 km, Koʻlquduqqum uz. 50–60 km, eni 3–15 km. Qum maydonlari oʻsimliklar bilan mustaxkamlangan. Massivlari birbirlaridan bo-tiqlar orqali ajralgan, ularning tublari shoʻr, shoʻrxok va taqirlar bilan band. Qum relyefi ulardan 10–20 m baland. Iklimi tipik adir xususiyatiga ega. Qishda havoning oʻrtacha temperaturasi — 11,7° dan (Kazani meteostansiyasi) — 13,5° gacha (Orol dengizi stansiyasi) boradi. Iyulning oʻrtacha temperaturasi ushbu stansiyalarda 26,1°, 26,3°. Qayd etilgan yillik mutlaq eng past temperatura —34°, —36°, eng yuqori temperatura 42°. Yogʻin miqdori kam (108–124 mm), ularning asosiy qismi yilning iliq davriga toʻgʻri keladi (64–67 mm). Qor qoplamining qalinligi 10 sm atrofida, 77—88 kun saqlanadi. Grunt suvlari sathi yer yuza-siga yaqin, qumlarda oʻziga xos suv lin-zalari hosil boʻladi. Botiqlarda grunt suvlarining sathi 2–3 m chuqurlikda joylashgan. Suvi chuchuk yoki bir oz shoʻrroq, yaylovlarni suv bilan taʼminlashda foydalaniladi. Orolboʻyi qoraqumi yuzasini choʻl-qum tuproklar va qumliklar egallagan. Qumlarda koʻproq oq jusan va yashil shuvoq guruxlari keng tarqalgan. Shoʻrxok va shoʻrlangan tuproqlarda shoʻralar oʻsadi. Hududdagi yaylovlardan yil boʻyi foydalanish mumkin, oʻrtacha mahsuldorlik gektariga 2,2 sentner.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |