Kontent qismiga oʻtish

Qadriyat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qadriyat — voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy axloqiy, madaniy ma’naviy ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llanadigan tushuncha. Inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha narsalar, masalan, erkinlik, tinchlik, adolat, ijtimoiy tenglik, ma’rifat, haqiqat, yaxshilik, go‘zallik, moddiy va ma’naviy boyliklar, an’ana, urf-odat va boshqalar qadriyatlar hisoblanadi. Ijtimoiy fanlarning qaysi sohasida qadriyatga doir tadqiqot olib borilgan bo‘lsa, bu tushunchaga shu jihatdan ta’rif berishga intilishgan. Holbuki qadriyat aksiologiyaga xos kategoriyadir. Qadriyatni aksiologiya nuqtayi nazaridan talqin qilish uni kategoriya sifatidagi mohiyati, mazmuni, obyektiv asosi, namoyon bo‘lish shakllari va xususiyatlarini o‘rganish imkonini beradi. Qadriyat kategoriyasi faqat buyum va narsalarning iqtisodiy qimmatini emas, jamiyat va inson uchun biror ahamiyatga ega bo‘lgan voqelikning shakllari, holatlari, narsalar, voqealar, hodisalar. talab va tartiblar va boshqalarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladi. Ijtimoiy jarayonlar ta’sirida kishilarning qadriyatlar to‘g‘risidagi qarashlari o‘zgarib boradi. Tarixiy zaruriyatga qarab goh u, goh bu qadriyat ijtimoiy taraqqiyotning oldingi safiga chiqadi. Mas, yurtni yov bosganida — ozodlik, imperiya hukmronligi nihoyasida — istiqlol, urush davrida — tinchlik, tutqunlikda — erkinlik, kasal yoki bemorlikda — sihat-salomatlikning qadri oshib ketadi. Qadriyatlar ijtimoiytarixiy taraqqiyot mahsuli sifatida o‘z tarixiy ildizi, rivoji, vorislik jihatlariga ega. Qadriyatlar mehnat, ishlab chiqarish sohasidagi faoliyat, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar uchun foyda keltiradigan narsalar, hodisalar, xatti-harakatlar majmuasi sifatida yuzaga kelib, ayrim kishilar, ijtimoiy guruhlar faoliyati, xatti-harakatini ma’lum yo‘nalishga buradigan, tegishli me’yorga soladigan ma’naviy hodisaga aylanadi. Qadriyatlar umumbashariy, milliy, shaxsiy bo‘lishi mumkin. Olam, tabiat va jamiyatning eng muhim tomonlarini, qonun-qoidalarini, aloqadorliklarini ifodalaydigan qadriyatlar umumbashariy xususiyatga ega. Bunday qadriyatlar o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan, abadiy qadriyatlardir. Muayyan bir elat, millat, xalqning hayoti, turmush tarzi, tili, madaniyati, ma’naviyati, urf-odat va an’analari, o‘tmishi va kelajagi bilan bog‘liq qadriyatlar milliy qadriyatlardir. Inson, uning faoliyati, turmush tarzi, e’tiqodi, umr ma’nosi, odobi, go‘zalligi bilan bog‘liq qadriyatlar shaxsiy qadriyatlardir. Qadriyatlar komil insonni tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.