Kontent qismiga oʻtish

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Xalqaro nomi
Tashkent State University of Oriental Studies
Turi universitet
Asos solingan sanasi 1918-yil
Rektori Gulchehra Rixsiyeva Shavkatovna (2019-yildan)
Fakultetlar 4 ta
Bakalavriat 4 yil
Magistratura 2 yil
Doktorantura bor
Akademiklari 16
Manzili
100060, Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi 20
Kampusi 4
Veb-sayti tsuos.uz

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — Toshkent[1] shahrida joylashgan oliy oʻquv yurti. Markaziy Osiyo[2]da yagona sharqshunoslik oliy taʼlim muassasasi. 1918-yilda tashkil topgan Osiyoda birinchi va eng qadimgi sharqshunoslik oliy taʼlim muassasasi. 1991-2020-yillarda institut maqomida edi.

Oʻzbekistonda sharqshunoslikning kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1918-yil noyabr oyida Toshkentda Turkiston Sharqshunoslik instituti tashkil etildi. Bu institut Oʻrta Osiyoda yagona ilk sharqshunoslik oliy oʻquv yurti boʻlib, qoʻshni mamlakatlar uchun ham sharqshunoslik fanining turli sohalari boʻyicha malakali mutaxassislar yetishtirib bera boshladi[3]. Mazkur bilim dargohida Turkiston va unga qoʻshni boʻlgan xorijiy sharq mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, oʻlkashunosligi, islom tarixi va musulmon qonunshunosligi kabi fanlar, sharq xalqlarining tillari va adabiyotlari oʻrgatilgan. Oʻsha yili 1-kursga 234 ta talaba qabul qilingan edi. Institutda sharq tillaridan arab, fors, xitoy, pashtu, urdu, turk va mahalliy tillardan oʻzbek, tojik, qirgʻiz, turkman, tatar hamda Yevropa tillaridan ingliz, nemis va fransuz tillarini oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Sharqiy Turkiston, Buxoro geografiyasi; oʻzbek, qirgʻiz, fors, tojik, qozoq, afgʻon, qoraqalpoq xalqlari etnografiyasi; Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va qadimgi dunyo tarixi, islom tarixi, shariat qonunlari kabi fanlar oʻqitilgan. 3-kursdan boshlab talabalar ixtisoslikka boʻlinib oʻqitilgan. Taʼlim quyidagi ixtisosliklar boʻyicha taqsimlangan; turkiy tillar, eron filologiyasi, arabshunoslik va islomshunoslik. Shu bilan birga, mahalliy maktablar uchun ona tili va tarix oʻqituvchilari ham tayyorlangan.

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, 1922-1923-oʻquv yilida Turkiston Sharqshunoslik institutida 210 nafar talaba oʻqigan. Bundan 16 foizigina mahalliy xalq farzandlari boʻlgan. Institutda 5 nafar professor, 21 nafar oʻqituvchi va bir necha lektor va amaliyotchilar taʼlim va tarbiya ishlarini olib borgan.1922-yilga kelib, institut kutubxonasida 5300 jild kitob va 200 dan ortiq qoʻlyozma asarlar mavjud edi. Turkiston Sharqshunoslik instituti 1924-yilda alohida fakultet sifatida Oʻrta Osiyo davlat universitetiga qoʻshib yuborildi. Uning birinchi dekani etib A.E.Shmidt tayinlandi.

Fakultet faoliyati uzoq davom etmadi. 1930-yilga kelib bu fakultet pedagogika fakultetiga aylantirildi va 1931-yilda uning faoliyati batamom tugatildi. Sharqshunoslik taʼlimi uzoq davom etgan boʻlmasa-da, qisqa davr ichida mazkur ilm dargohidan A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, K. Yudaxin, I.A.Kissen. R.L.Nemenova kabi taniqli tilshunos olimlar, R.R.Ivanov, M.R.Ivanova, M.Masson, V.A.Shiglkin, O.A.Suxareva kabi mashhur tarixchi va etnograflar, Muxtor Avezov, Sotim Ulugʻzoda kabi atoqli yozuvchilar hamda D.G.Voronovskiy kabi bir qancha sharqshunos olimlar yetishib chiqdi.

1944-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) qoshida qaytadan sharq fakulteti taʼsis etildi. Uning dekani etib tarixchi sharqshunos olim Abdurahmon Hamroyev tayinlandi. Fakultetda, oʻquv rejasiga koʻra, Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari tarixi va iqtisodi, tili va adabiyoti oʻqitila boshlandi.

1947-yili fakultet qoshida aspirantura tashkil qilindi. Koʻpgina yosh mutaxassislar Moskva va Leningrad kabi markaziy shaharlarda aspiranturada oʻqib, fan nomzodi ilmiy darajasini olib qaytdilar. Ular oʻz yurtlariga joʻnab ketgan rus sharqshunos olimlarining oʻrnini toʻldirib, sharqshunoslikning turli sohalari boʻyicha dars bera boshladilar.

1944-1947-yillarda fakultetda 4 ta kafedra mavjud boʻlgan. Bular: Eron filologiyasi (1955-yildan Eron-Afgʻon filologiyasi) kafedrasi; Shimoliy hind (keyinchalik hind va hozirda Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo tillari) filologiyasi kafedrasi; Sharqiy Turkiston filologiyasi kafedrasi; Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi. 1949-yilda fakultetning dastlabki talabalari oʻqishni bitirib, hayotga yoʻllanma oldilar. Birinchi qaldirgʻochlar 41 nafardan iborat boʻlib, bugungi kunda ularning koʻpchiligi Respublikada elga tanilgan mashhur olimlar qatoridan joy olgan.

Fakultet kun sayin kengayib, takomillashib bordi. Arab, fors, pashtu, hind, urdu, xitoy, uygʻur, turk tillari bilan bir qatorda ingliz, rus va oʻzbek tillarini oʻrganishga ham katta ahamiyat berib kelindi. Sharq xalqlarining mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti boʻyicha talabalarga chuqur bilim berish maqsadida 1965-yilda maxsus Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi tashkil etildi. Bir oz vaqt oʻtgach, Gʻarbiy Yevropa tillari kafedrasi tashkil qilinib, fakultet boʻyicha yevropa tillarini oʻqitish jarayoni taʼminlandi. Bu orada sharq tillarini oʻqishini takomillashtirib, talabalarning nutq malakalarini oʻstirish maqsadida fakultetga Eron, Afgʻoniston, Hindiston, arab mamlakatlaridan oʻqituvchilar taklif etila boshlandi. Ular 1-2 yil davomida talabalarga dars berib, ularning azaliy malaka hosil qilishlarida katta yordam koʻrsatdilar. Bu hol talabalarning tilni ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta bilishlariga. imkon tugʻdirdi. Faqat 1960—1970-yillar davomida xorijiy Sharq mamlakatlaridan 10 nafar mutaxassis dars berish uchun taklif etilgan edi. Oʻz navbatida, fakultet oʻqituvchi va talabalari ham chet mamlakatlarga borib, u yerdagi institut va universitetlarda oʻqib, oʻz malakalarini oshirib qaytdilar. 1990-yilda Sharq fakulteti negizida Toshkent Davlat universiteti qoshida Sharqshunoslik instituti tashkil qilindi. 1991-yil 15-iyulda esa bu institut Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga aylantirildi[4]. Respublikamizning bugungi ehtiyojlarini inobatga olgan holda, institutda sharqshunoslik sohasidagi turli ixtisosliklar va yoʻnalishlarning doirasi yanada kengaytirildi. Universitet fakultet boʻlgan davrda mutaxassislar faqat filologiya, tarix va iqtisod ixtisoslari boʻyicha tayyorlangan boʻlsa, bugungi kunda bu oʻquv maskanida oʻn ikki mutaxassislik boʻyicha taʼlim berilmoqda. Ilgari fakultetda 7 ta kafedra faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunga kelib Sharqshunoslik universitetida 25 ta kafedra faoliyat koʻrsatyapti. Universitet tashkil etilgach, arab, fors, dariy, hind, urdu, xitoy, pashtu va uygʻur tillari bilan bir qatorda yapon, koreys, turk tillari va adabiyoti ham oʻqitila boshlandi. Hozirgi kunda institutda 20 tadan ortiq til oʻqitilmoqda[5].

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bugungi kunga kelib 7 ta fakultet mavjud.

Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakultetida sharqshunoslikning oʻzak yoʻnalishlaridan biri filologiya sohasi uzoq yillardan beri oʻqitib kelinadi. Bu yerda soha boʻyicha noyob tajriba maktabi hamda uzoq yillik sharq tillari va adabiyotini oʻqitish anʼanasi shakllangan. Fakultet tarixi mobaynida Sharq va Gʻarb mamlakatlari tillarini mukammal oʻzlashtirgan, Sharq mamlakatlari adabiyoti, madaniyati haqida chuqur bilimlarga ega boʻlgan, zamon talablariga javob bera oladigan malakali sharqshunos mutaxassislarni tayyorlash, sharq filologiyasining turli qirralarini oʻrganish boʻyicha fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish izchil yoʻlga tushdi. Fakultet tashkil topgandan boshlab hozirga qadar fakultet bitiruvchilaridan 70 dan oshiq fan doktori, 350 ga yaqin fan nomzodi yetishib chiqdi.

Sharq filologiyasi fakultetining bitiruvchilari orasidan A.Rustamov, U.Karimov, A.Qayumov kabi akademiklar, I.Abdullayev, S.Gʻaniyeva, A.Hayitmetov, P.Qodirov singari davlat mukofoti sohiblari, Q.Mahmudov, Sh.Shomuhamedov, E.Rustamov kabi xalqaro mukofot sohiblari, S.Mirqosimov, F.Teshaboyev, A.Shayxov, S.Inogʻomov, I.Ergashev, A.Usmonov kabi favqulodda va muxtor elchilar yetishib chiqqan.

Bugunga kelib fakultetda 6 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Fakultet dekani: filologiya fanlari nomzodi I.Y. Bultakov.

Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimovning 2014-yil 3-sentabrdagi PQ-2228 sonli "Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xitoyshunoslik fakultetini ochish toʻgʻrisida"gi[8] Qarori asosida institut rektorining 2014-yil 20-sentabrdagi 01-243 sonli buyrugʻi bilan Xitoyshunoslik fakulteti tashkil etilgan. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yangidan ishlab chiqilgan davlat taʼlim standarti asosida fan dasturlari va oʻquv rejalari ishlab chiqildi va darslar tashkil etildi. Bugungi kunda fakultetda toʻrtta kafedra faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shulardan ikkitasi mutaxassis tayyorlovchi kafedralardir. Hozirda fakultet dekani vazifasini PhD., O.M. Ochilov bajarib kelmoqda.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida 2018-2019-oʻquv yildan Koreyashunoslik fakulteti tashkil etildi. Fakultet tarkibida 3 ta kafedra: „Koreys filologiyasi“, „Koreya iqtisodiyoti va siyosati“ hamda „Koreya tarixi va madaniyati“ kafedralari oʻz faoliyatini boshladi. Fakultet dekani: f.f.d., prof., Sh.R. Usmanova.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Sharq sivilizatsiyasi va tarix fakultetida uchta mutaxassis tayyorlovchi va ikkita nomutaxassislik kafedralari faoliyat olib boradi. Fakultetda bugungi kunda asosiy shtatda 45 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan: 8 nafari fan doktori, professorlar; 19 nafari fan nomzodi (PhD), dotsentlar; 18 nafari katta oʻqituvchi va oʻqituvchilar. Fakultet dekani: Z. Qodirov

2008-yilda „Xalqaro aloqalar va iqtisod“ fakulteti asosida „Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik“ fakulteti tashkil etildi. 2018-yilda „Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik“ fakulteti asosida „Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati“ fakulteti tashkil etildi. Uning tashkil etilishidan maqsad yurtimizda iqtisodchi-sharqshunos, siyosatchi-sharqshunos kadrlarni tayyorlash, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin va Oʻrta Sharq hamda MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy, xavfsizlik, harbiy-texnikaviy rivojlanashining oʻziga xos jihatlarini oʻrganadigan, bu boradagi muammolarni tahlil qilish salohiyatiga ega mutaxassislarni yetishtirishdan iborat. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yangidan ishlab chiqilgan davlat taʼlim standarti asosida fan dasturlari va oʻquv rejalari ishlab chiqildi. Fakultetda 45 ta professor-oʻqituvchilar, jumladan 12 nafar fan doktorlari, 10 nafar fan nomzodi, 6 nafar PhD, 7 nafar katta oʻqituvchilar va 10 nafar oʻqituvchilar oʻz pedagogik faoliyatlarini olib borishmoqda. Oʻqituvchi va murabbiylar muntazam ravishda Oʻzbekistondagi hamda xorijiy mamlakatlardagi sharqshunoslikka, iqtisodiy aloqalarga jahon siyosatiga bagʻishlangan konferensiya, simpozium, seminarlarda qatnashadilar. Ular chet ellik hamkasblarini yurtimizdagi milliy iqitisodiyotimizda hamda sharqshunoslik maktabida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirmoqdalar va tajriba almashmoqda. Jumladan, fakultetdan 2019-yilda 5 nafar oʻqituvchi xorijga anjumanlarda qatnashish uchun yuborildi. Oʻzbekiston boʻyicha faqat ushbu fakultetda Yaqin, Oʻrta, Uzoq Sharq, MDH va Janubiy Osiyo boʻyicha iqtisodchi-sharqshunos, siyosatchi sharqshunos va turizm boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Ular oʻrganyotgan mamlakatlarining tili, madaniyati, tarixi, iqtisodi, siyosati va turizm salohiyati boʻyicha chuqur bilimga ega boʻladilar. Fakultetda oʻqish jarayonidan tashqari mamlakatni yanada chuqurroq oʻrgatish maqsadida bir qancha toʻgaraklar faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda fakultet dekani vazifasini i.f.n. Ch. Q. Xusanov bajarib kelmoqda.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkiy tillarni oʻrganish dastlab 1990-yilda Oltoyshunoslik nomi bilan tashkil etilgan. 1991-yildan kafedra Turkiy tillar nomi bilan ataldi. 2020-yilda Turkshunoslik fakulteti maqomi berildi. Kafedraga uzoq yillar akademik A.Rustamov rahbarlik qildi. 1999-yildan boshlab f.f.d., prof. Q.Sodiqov, keyinchalik f.f.d., prof. Q.Omonov, f.f.n., dots. Jumali Shabanov, f.f.d., prof. Z.Xudoyberganova va f.f.n, dots. Oʻ.Lafasov mudirlik qildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Oʻzbekistonda yapon tilini rivojlantirish boʻyicha yetakchilardan biridir. 1992-yilda tashkil etilgan Yapon filologiyasi kafedrasi yapon tilini oʻqitish boʻyicha nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi birinchi taʼlim muassasasidir. Soʻnggi yillarda yaponshunoslik sohasidagi tadqiqotlar yangi fakultet tashkil qilinishiga sabab boʻldi. 2019-yil 4-dekabr kuni Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida Yaponshunoslik fakultetining tantanali ravishda ochilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur fakultetning ochilishi dunyoning yetakchi davlatlaridan biri Yaponiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi davrida mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning TDSHUda ochilishi yapon tili boʻyicha oʻqitish jarayoni va tadqiqotchilik ishlarini birlashtirish, ushbu sohadagi yoʻnalishlarni muvofiqlashtirish, oʻzbek yaponshunosligi darajasini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini beradi. Fakultet olida turgan eng dolzarb vazifa nafaqat yapon tilidan taʼlim berish, balki yaponshunoslikni rivojlantirish, yani yapon tilshunosligi, yapon adabiyoti, Yaponiya siyosati, iqtisodi, tarixi, falsafasi, maʼdaniyati sohasida mutaxassis va tadqiqotchi kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.

Fakultet kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xitoyshunoslik fakulteti kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koreyashunoslik fakulteti kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharq sivilizatsiyasi va tarix kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti, siyosati va turizm fakulteti kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yaponshunoslik fakulteti kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turkshunoslik fakulteti kafedralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Universitet maqomining berilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020-yilda Oʻzbekiston sharqshunosligi sohasida unutilmas yil boʻldi, chunki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev "Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi[14] qarorga imzo chekdi. Qaror bilan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi.

  1. „Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi“. www.edu.uz. 2019-yil 8-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 26-fevral 2019-yil.
  2. „Знакомство с вузами Ташкента: Ташкентский государственный университет востоковедения (ТГУВ) | Obщestvo | IP „UZINFORM““. www.uzinform.com. Qaraldi: 26-fevral 2019-yil.
  3. „Universitet tarixi | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  4. „«В.И.Ленин номидаги ТошДУ ҳузуридаги Шарқшунослик институтини Тошкент Давлат шарқшунослик институтига айлантириш ҳақида» | Lex.uz — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi“ (uz-UZ). Qaraldi: 23-iyul 2020-yil.
  5. tashgiv. „Toshkent davlat sharqshunoslik instituti“ (7-fevral 2019-yil). Qaraldi: 26-fevral 2019-yil.
  6. „Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  7. „Xitoyshunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  8. „«Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida» | Lex.uz — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi“ (uz-UZ). Qaraldi: 23-iyul 2020-yil.
  9. „Koreyashunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  10. „Tarix va falsafa fakulteti | Sharq sivilizatsiyasi va tarixi fakulteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  11. „Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti, siyosat, turizm fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  12. „Turkshunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  13. „Yaponshunoslik fakulteti | Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.
  14. „«Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» | Lex.uz — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi“ (uz-UZ). Qaraldi: 19-iyul 2020-yil.


Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xitoyshunoslik va Koreyashunoslik fakultetlari 2024-yil