Kontent qismiga oʻtish

Xuroson yoʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xuroson yoʻli yoki Buyuk Xuroson yoʻli – Mesopotamiyani Eron platosi va u orqali Markaziy Osiyo, Xitoy va Hind vodiysi bilan bogʻlaydigan tarixiy yoʻl.

Abbosiylar davrida ushbu yoʻl yaxshi hujjatlashtirilgan, oʻsha davrda yoʻl xalifalik poytaxti Bagʻdodni shimoli-sharqiy viloyat – Xuroson bilan bogʻlagan.

Arxeologik topilmalar miloddan avvalgi 3-ming yillikda yoʻl Markaziy Osiyo va Mesopotamiyani bogʻlab turganini koʻrsatadi[1]. Ahamoniylar zamonida yoʻl Shoh yoʻli tizimining sharqiy qismini tashkil qilgan[2].

Ahamoniylar yoʻli Midiya poytaxti Ekbatanadan boshlangan va Markaziy Osiyodagi Baqtra (Balx) shahrida tugagan. Yoʻl Rhagae (Ray), Kaspiy darvozalari (zamonaviy Tangi sari dara)[3], Girkaniya va Parfiya orqali oʻtgan[2]. Buyuk xalqa yoʻli Baqtrani Hind vodiysi bilan bogʻlagan.

Ibn Hurdodbeh maʼlumotlari asosida Xuroson yoʻlining Bagʻdoddan Raygacha boʻlgan qismining xaritasi, masofalar farsahda koʻrsatilgan

Xuroson yoʻli, ehtimol, Abbosiylar davlati yoʻllari ichida eng yaxshi hujjatlashtirilgan yoʻldir[4]; u nafaqat Ibn Rusta tomonidan batafsil tasvirlangan, balki Qudoma ibn Jaʼfar va Ibn Hurdodbeh kabi boshqa koʻplab oʻrta asr musulmon geograflari unga murojaat qilgan va asarlarida uning turli yoʻnalishlari boʻyicha masofalarni bergan[5]. Yoʻl Al-Mansurning dumaloq shahrining sharqiy tomonidagi Xuroson darvozasidan boshlanib, Sharqiy Bagʻdoddagi ikkinchi Xuroson darvozasi orqali shahardan chiqadi[6].

Xuroson yoʻlining Raydan Nishopurgacha boʻlgan qismining xaritasi, masofalar farsahda koʻrsatilgan

Bagʻdoddan keyingi birinchi manzilgoh Nahravon yoki Jisr Nahravon („Nahravon koʻprigi“) boʻlib, u orqali oʻtgan buyuk Nahravon kanali nomi bilan atalgan. Abbosiylar davrida u gullab-yashnagan edi, lekin yoʻl shimolga Baʼqubaga oʻtganda bu manzilgoh tashlab ketiladi va vayronaga aylanadi. Atrofdagi hudud Xuroson yoʻli sharafiga Toriqi Xuroson deb atalgan[7]. Keyingi shaharcha arabchada Daskara al-Malik (Shoh Daskarasi) nomi bilan tanilgan va sosoniylar zamonidagi Dastagird oʻrnida boʻlgan. Undan keyin sosoniylar zamonida Diyola daryosi ustiga qurilgan koʻprik yaqinida boʻlgan Jalula, keyin Xonoqin (uning ham mashhur koʻprigi boʻlgan) hamda sosoniy shahanshoh Xusrav II Parvizning rafiqasi sharafiga nomlangan „Qasri Shirin“ kelgan[8]. Hulvonda yoʻl Mesopotamiya tekisligidan chiqib Zagros togʻlari va Jibal viloyatiga kirgan[9]. Yoʻl Madhariston tomon davom etgan va nihoyat Kirind shahri va Xushon qishlogʻida Hulvon dovonidan chiqqan. Soʻngra Tazor yoki Qasr Yazid va az-Zubaydiyaga qarab yoʻl olgan, u yerda yoʻl sharqqa Mayidasht yoki Mohidasht tekisligi orqali Kirmonshoh tomon burilib ketgan. Musulmon geograflari bu yerlarning aksariyatida sosoniylar saroylari qoldiqlari borligini qayd etadi[10]. Kirmonshohdan yoʻl Hamadon va Sovaga davom etib, shimolga Rayga burilib, u yerdan sharqqa Qumis viloyatiga oʻtgan[11]. Yoʻl Qumisning asosiy hayotiy yoʻnalishi boʻlib, viloyatning aksariyat shaharlari: Xuvar, Qasr yoki Qariyat al-Milh („Tuz qal’a“), Ras al-Kalb („Itning boshi“, hozirgi Lasgird qishlogʻi), Simnon, Domgʻon, al-Xaddada („qoʻrgʻon“) yoki Mehmondoʻst va Bistom uning yoʻnalishi boʻylab joylashgan edi. Bistom yaqinidagi Badxash qishlogʻida yoʻl Xurosonga kirgan[12].

Ilk islom davridagi Xuroson va Movaraunnahr xaritasi

Xurosonga kirgach yoʻl ikkiga boʻlinadi: shimoliy tarmoq yoki „karvon yoʻli“ Jojarmga, u yerdan Ozodvar orqali Nishopurga olib borgan, qisqaroq janubiy tarmoq yoki „pochta yoʻli“ Dashti Kavir choʻlining cheti boʻylab Asadobod, Bahmonobod yoki Mazinon va Sabzavor keyin yana Nishopurga olib borgan[13]. Nishopurdan sal oʻtib, Qasr al-Rihda („Shamol qasri“) yoʻl janubi-gʻarb va shimoli-sharqqa ketuvchi yana ikkita shaxobchaga boʻlinadi. Janubi-gʻarbiy shaxobcha Hirotga olib borgan, u yerdan esa sharqdan Gʻoʻrga yoki janubiy Asfuzor va Faroh orqali Seyistondagi Zaranjga olib boradigan yoʻllar bilan shoxlanadi[14]. Asosiy yoʻlning shimoli-sharqiy tarmogʻi Qasr ar-Rihdan Mashhad, Tus, Mozdaron va Saraxs orqali Katta Marv va Marvirudga olib borgan. Katta Marvdan yoʻl Oksni Amul boʻyida kesib oʻtishigacha davom etib, undan Buxoro va Samarqandga borgan. Marviruddan bir shoxcha janubga Hirotga, ikkinchisi shimoli-sharqda Balxga va huddi shu tarzda Oks daryosidan oʻtib Termizga yoʻnalgan, u yerdan turli yoʻllar orqali Chagʻoniyon va Xuttal viloyatlariga, yana bir tarmogʻi gʻarbga Buxoro va Samarqandga eltgan[15]. Amuldan yana bir shoxcha Oks daryosining janubiy qirgʻogʻi boʻylab Xorazm va Orol dengiziga yetaklagan[16]. Samarqanddan yoʻl Soʻgʻd daryosidan oʻtib, mahalliy poytaxt Bunjikatdan sharqda joylashgan Usturshonadagi Zomin shaharchasiga olib borgan. U yerda yoʻl yana ikkiga boʻlinib, bir shoxobchasi shimolga Shoshga va Yaksartning quyi oqimiga, ikkinchisi sharqqa Yaksartning yuqori oqimiga, Fargʻona vodiysi va Xitoyga yetaklagan[17].

  1. Francfort, Henri-Paul (19 March 2020). "Iran and Central Asia: The Grand'Route of Khorasan (Great Khorasan Road) during the third millennium BC and the "dark stone" artefacts". The Iranian Plateau During the Bronze Age: Development of Urbanisation, Production and Trade. Archéologie(s) (MOM Éditions): 247–266. ISBN 978-2-35668-177-5. https://books.openedition.org/momeditions/8146?lang=en. 
  2. 2,0 2,1 Briant 2002, s. 358.
  3. Hansman, John H. (1990). "CASPIAN GATES". in Yarshater, Ehsan. Encyclopædia Iranica, Volume V/1: Carpets XV–C̆ehel Sotūn, Isfahan. London and New York: Routledge & Kegan Paul. 61-62 b. ISBN 978-0-939214-66-2. https://www.iranicaonline.org/articles/caspian-gates-an-ancient-toponym-identifying-a-ground-level-pass-that-runs-east-and-west-through-a-southern-spur-of-the-albo. 
  4. Le Strange 1905, s. 9.
  5. Le Strange 1905, ss. 12, 85.
  6. Le Strange 1905, s. 31.
  7. Le Strange 1905, ss. 59–61.
  8. Le Strange 1905, ss. 62–63.
  9. Le Strange 1905, ss. 63, 191.
  10. Le Strange 1905, ss. 191–192.
  11. Le Strange 1905, s. 228.
  12. Le Strange 1905, ss. 364, 367–368.
  13. Le Strange 1905, s. 430.
  14. Le Strange 1905, ss. 430–431.
  15. Le Strange 1905, ss. 430–431, 472.
  16. Le Strange 1905, s. 472.
  17. Le Strange 1905, ss. 475, 488.