Abdurahim Gʻozgʻoniy
Abdurahim Turdimurod oʻgʻli Gʻozgʻoniy | |
---|---|
Tavalludi |
1870-yil |
Vafoti | 1938-yil |
Kasbi | meʼmor, muhandis, haykaltarosh, sangtarosh |
Dini | islom |
Turmush oʻrtogʻi | Poʻlatoy |
Abdurahim Turdimurod oʻgʻli Gʻozgʻoniy (1870, Nurota yaqinidagi Gʻozgʻon qishlogʻi, Buxoro amirligi — 1938, Oʻzbekiston SSR) — meʼmor, muhandis, sangtarosh, haykaltarosh. Marmarga ishlov berish boʻyicha usta. Amir Abdulahadxon va Amir Olimxon davrlarida Karmana, Nurota va Buxoroda saroylarni qurishda meʼmorlik qilgan va bezatishda ishtirok etgan. SSSR davrida Toshkentdagi bir nechta binolar qurilishida ham meʼmorlik qilgan.
1937-yil qamoqqa olingan, 1938-yil qamoqda vafot etgan.
Shaxsiy hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurahim Gʻozgʻoniy 1870-yil Nurota shahri yaqinidagi Gʻozgʻon qishlogʻida tugʻilgan. Uning otasi diniy ulamo, shayx boʻlgan. Abdurahim 20 yil davomida Buxoro shahridagi madrasada oʻqigan. Sadriddin Ayniy va Domla Halim bilan doʻst boʻlgan. 1911-yilda haj safariga borgan[1].
Abdurahim Poʻlatoy ismli qizga uylangan. Ularning 8 nafar farzandi boʻlgan. Farzandlaridan 4 nafari yosh vafot etgan. Hamida, Hakima, Ahmadjon, Rahmatulla ismli 2 qiz va 2 oʻgʻil qolgan. Hozirda avlodlari Buxoro shahrida va Nurota tumanining Shohimardon qishlogʻida yashaydi[1].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻz davrida taqiqlangan boʻlsa-da Abdurahim Gʻozgʻoniy toshdan oʻyib haykallar yasagan. U Sitorai Mohi xossa saroyidagi ikkita arslon haykalini, Gʻozgʻon qishlogʻida jamoa xoʻjaligi hovuzi hamda ariqlarida nahang va timsoh haykallarini yasagan[2].
Amir Abdulahadxon va amir Olimxon davrlarida avval Karmanadagi Sultonobod va Olchin bogʻini bezatishda, soʻngra Buxorodagi Sitorai Mohi xossa saroyi qurilishida qatnashgan[2].
1900—1905-yillarda Karmana shahrida Mirzachorbogʻ qarorgohi qurilishida bosh meʼmor boʻlgan[2].
Abdurahim Gʻozgʻoniy amir Abdulahadxon davrida Nurotadagi Shohimardon qishlogʻida qurilishi boshlangan va amir Olimxon davrida yakunlangan tosh masjidni (1908—1913-yillar oraligʻida qurilgan Shohimardon majmuasi) qurgan. Ushbu masjid toshdan 9 gumbazli qilib qurilgan, unda bir vaqtning oʻzida 300—400 kishi ibodat qilishi mumkin. Undan tashqari Gʻozgʻoniy Dehibaland qishlogʻidagi Imom Hasan va Imom Husan masjidining oʻrtasidagi 4 m li marmar ustunni ham yasagan[2].
1911-yilda amir Abdulahadxon vafot etgach, Said Olimxon buyurtmasi bilan bir yil davomida Karmanadagi Mirzacohrbogʻ qarorgohi yonidagi hovlilardan birida yashab, Abdulahadxon qabri atrofida daxma qurgan va sangtaroshlik qilib marsiya bitgan[2].
1917-yilgi Oktabr inqilobidan keyin Fayzulla Xoʻjayev taklifi bilan Buxoro va Toshkentdagi binokorlik ishlarida faol ishtirok etgan. Toshkent shahridagi eski vokzalni, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi binosini bezash ishlarida qatnashgan[2].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurahim Gʻozgʻoniy 1937-yil qamoqqa olingan. 1938-yilda qamoqda vafot etgan[2].
Davomchilari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurahim Gʻozgʻoniyning ishlarini uning oʻz avlodlari va singillarining nabiralari davom ettirganlar[2]. Nabiralari Muxtor Rahimov, Tohir Rahimov va Oʻtkir Rahimovlar, jiyanlari Yashin Saidov va Toʻxtamurod Komilovlar, evaralari Abdurahim Axmedov, Abdurashid Axmedovlar xalq ogʻziga tushgan usta boʻlib yetishganlar[3].
Singlisining nabiralari Ortiqboy Esanov va Turkman Esanovlar haykaltarosh boʻlganlar[2].
Nabirasi Tohir Rahimov 2001-yilda Karmanadagi Qosim Shayx majmuasini taʼmirlash ishlarida qatnashgan va bobosi Abdurahim Gʻozgʻoniy qurgan Abdulahadxon daxmasini taʼmirlagan. Daxma eshigi tepasida bobosi fors tilida toshga oʻyib yozgan marsiyaning oʻzbek tilidagi talqinini toshga oʻygan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Hotamov A., Bekniyozov N.. Karmana — qadimiy diyor. Toshkent: Oʻzbekiston, 2007 — 152-bet. ISBN 978-9943-01-070-3.