Janoza namozi
Janoza namozi – vafot etgan musulmonlar uchun jamoat boʻlib oʻqiladigan namoz. Mayyit yuvilib, kafanlanadi, masjidga keltiriladi. Jamoatning oldiga yuqoriroq yerga qoʻyiladi. Imom jamoatning oldiga oʻtib Janoza namozini oʻqiydi. Janoza namozini oʻquvchi kishi avval: "Niyat qildim ushbu marhum uchun Janoza namozini oʻqimoqqa, iqtido qildim ushbu imomga. Xolisan lillohi Taolo", deb niyat qiladi. Imom baland ovoz bilan, qolganlar imomga iqtido qilib maxfiy su'ratda (faqatgina o'zi eshitadigan darajada) "Allohu Akbar" deb qoʻllarini bogʻlaydi. Iqtido qilib oʻquvchi aytganini o'zi eshitadigan darajada takbir aytib qoʻllarini bogʻlaydi. Soʻngra ovoz chiqarmasdan "Sano"ni oʻqiydi: "Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va taʻala jadduka va la ilaha gʻoyruk". Soʻngra imom bilan birgalikda takror takbir aytiladi. Lekin qoʻllar koʻtarilmaydi. Solli va Barik duolari oʻqiladi. Takror yana qoʻllar koʻtarilmagan holda takbir aytiladi, janoza duosi oʻqiladi. Janoza duosini bilmaydiganlar esa, Qunut duosini yoki duo niyati bilan Fotiha surasini oʻqisa ham boʻladi. Soʻngra imom bilan birgalikda takror takbir qilinib oldin oʻngga, keyin chapga salom beriladi. Janoza namozi oʻqilib boʻlganidan keyin mayyit mozorga olib boriladi, qabrga qoʻyiladi, ruhdariga bagʻishlab Qurʼon tilovat va duo qilinadi. JANOZA NAMOZI
Niyat: «Alloh rizoligi uchun janoza namozini o'qishni niyat qildim. Ushbu imomga iqtido qildim». Imom bilan birga takbir tushirilgach, Sano duosi o'qiladi: «Subhanakallohumma va bihamdik. Va tabarokasmuk va taa'la jadduk va jalla sanauk va la ilaha g'oyruk». So'ng imom ovoz chiqarib, «Allohu akbar» deb takbir aytadi. Bu takbirda qo'llar ko'tarilmaydi. Qovushtirilgan holida «Salovot» duosi o'qiladi. Yana qo'lni ko'tarmasdan «Allohu akbar» deb takbir aytiladi va janoza duosi o'qiladi. Duodan so'ng yana qo'llar qovushtirilgan holda «Allohu akbar», deyilib, o'ng va chap tomonlarga salom beriladi.
JANOZA DUOLARI
Har bir janozada dastlab quyidagi duo o'qiladi: Allohummag'fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g'oibina va sog'iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi 'alal Islam. Va man tavaffaytu minna fatavaffahu 'alal iyman. Ma'nosi: «Ey Rabbim! Tirigimizni va o'ligimizni, bu yerda bo'lganlarni va bo'lmaganlarni, kichiklarimizni va kattalarimizni, erkak va ayollarimizni kechirgin. Allohim, Bizdan tug'ilajak yangi nasllarni Islom dinida dunyoga keltir. Ajali yetib hayotdan ko'z yumadiganlarning jonlarini imonli hollarida olgin». Janozasi o'qilayotgan mayyit balog'atga yetmagan o'g'il bola bo'lsa, mana bu duo o'qiladi: Allohummaj'alhu lana farotav-vaj'al hu lana ajrov-va zuxrov-vaj'alhu lana shafi'am-mushaffa'an. Mazmuni: «Allohim! Bu bolani jannatda bizni qarshilab oluvchi va oxirat armug'oni qil... Allohim! Bu bolani biz uchun shafoatchi qil va shafoatini maqbul ayla». Janoza balog'atga yetmagan qiz bola uchun o'qilayotgan bo'lsa, quyidagi duo o'qiladi: Allohummaj'alha lana farotav-vaj-'alha lana ajrov-va zuxrov-vaj'alha lana shafi'atam-mushaffa'ah. Ma'nosi: Allohim! Shu qiz bolani jannatda bizni qarshilab oluvchi va oxirat armug'oni qil... Allohim! Bu qizni biz uchun shafoatchi qil va shafoatini maqbul ayla. Bu duolarni bilmaganlar «Allohummag'fir liy va lahu va lil-mu'miniyna val mu'minat». Ya'ni, Allohim, meni va uni, erkak va ayol barcha imon keltirganlarni mag'firat ayla», deya duo qilsalar yoki «Robbana...» duosini o'qisalar ham bo'ladi. Janoza namozining boshlanishiga ulgurmagan kishi jamoatga tezda qo'shilib iftitoh takbirini aytadi va imomga iqtido qiladi. Imom salom berganidan keyin, lekin hali tobut ko'tarilmasdan avval qolgan takbirlarni o'zi aytadi. Tushgan, o'lik tug'ilgan bolaga janoza o'qilmaydi. Bir ism qo'yilib yuviladi va matoga o'rab, ko'miladi. Tirik tug'ilib o'lgan bola yuvilib, janozasi o'qiladi.