Margʻilon uyezdi
Marg‘ilon uyezdi | |
---|---|
shahar | |
40°28′16″N 71°43′29″E / 40.47111°N 71.72472°E | |
Mamlakat | Rossiya imperiyasi |
viloyat | Marg‘ilon viloyati |
Asos solingan | 1876 |
Aholisi | 201 653 |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
|
Margʻilon uyezdi — Turkiston general-gubernatorligiga qarashli Fargʻona viloyatidagi maʼmuriy-hududiy birlik. Maʼmuriy markazi — Yangi Margʻilon shahri.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1886-yilda tasdiqlangan „Turkiston oʻlkasini boshqarish haqidagi Nizom“ ga koʻra, Fargʻona viloyati 5 ta, yaʼni Qoʻqon, Andijon, Margʻilon, Namangan va Oʻsh uyezdlariga boʻlinadi. Margʻilon uyezdi 1876-yilda Qoʻqon xonligining Rossiya imperiyasiga qoʻshib olinishi va Fargʻona viloyati tashkil etilgandan soʻng tashkil topgan. Barcha uyezdlar uchun shu nomdagi shaharlar maʼmuriy markaz sifatida belgilanadi. Faqatgina Margʻilon shahri bundan mustasno boʻlib, Margʻilon uyezdi markazi uchun Yangi Margʻilon (1907- yildan Skobelev, keyinchalik esa Fargʻona) shahri barpo etilgan.
Mustamlaka sharoitida Margʻilonning yirik sarmoyador boylari shahardagi qarovsiz qolgan ijtimoiy hayotni imkon qadar tartibga solish uchun oʻz mablagʻlarini ayamaganlar. Oʻsha davrda Margʻilon uyezdi boshqarmasida xizmat qilgan Muhammad Aziz Margʻiloniyning qayd etishicha, mahalliy sarmoyadorlar oʻz hisobidan hammom, yangi masjid va maktablar barpo etib, eskilarini taʼmirlaganlar, bozorlarda yangi rastalar qurdirganlar. Shahar aholisi yil sayin oʻsib borgan. Uning soni 1910-yilda 47152 kishiga yetgan. Ammo, Margʻilon uyezdi maʼmuriyatining shahar ijtimoiy hayoti uchun sarflagan mablagʻi aholi ehtiyojlarini qondira olmas edi. Butun Margʻilon shahri aholisi uchun bu paytda 2 dorishunos, 1 vrach, 20 oʻrinli 1 kasalxona va 10 oʻrinli 1 ta ayollar hamda bolalar shifoxonasi, 1 dorixona xizmat qilgan. Margʻilon shahrining havosi hamda iqlimi sof va toza boʻlgani tufayli bu yerda tibbiy xizmat oʻta cheklangan boʻlishiga qaramay, kasallanish darajasi nisbatan kam edi. Atrof shaharlar, xususan, Yangi Margʻilon aholisi ham betob boʻlsa, Eski Margʻilon shahriga kelib, davolanib ketganlar. Yangi Margʻilonda 1000 ta uy-joy, harbiylar uchun bino, xristianlar ibodatxonasi (cherkov), bozor, harbiy kazarma, omborxona qurilgan. „Yangi Margʻilon“ dastlab Margʻilon uyezdi boshligʻi, keyinchalik esa viloyat gubernatori tomonidan boshqariladi. Yangi Margʻilon shahri barpo etilgan dastlabki oʻn yil ichida unda 196 ta xonadon boʻlsa, 1913-yilga kelib, ularning soni 998 taga, aholi soni 1897-yilda 8.928 kishiga, 1913-yilda esa 13218 kishiga yetgan.
XX asr boshlarida shaharda sanoat korxonalari qurila boshlandi. 1914-yilga qadar shaharda 21 ta korxona barpo etildi va shahar aholisi tarkibida yollanma ishchilar sinfi paydo boʻldi. XX asr boshiga kelib, shahar hududi harbiy garnizonlar qurilishi hisobiga janub tomonga kengayib borgan.
Margʻilon uyezdida 1877-yilda 15 ta volost, 119 ta oqsoqollik, 21 qozi boʻlgan. Keyinchalik Margʻilonning oʻzida yana 4 ta oqsoqollik tashkil etildi. Uyezd markazi boʻlgan Margʻilon shahrida 46780 kishi yashagan va unda 137 ta maktab, 254 ta masjid hamda 14 ta zavod mavjud boʻlgan.
Geografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Margʻilon uyezdi Fargʻona viloyatining janubi-gʻarbida joylashgan edi.
Viloyatning shimoliy qismi Fargʻona vodiysida, janubiy qismi Oloy tizmasini egallab, Buxoro amirligining Qorategʻin bekligi bilan chegaradosh.
Maʼmuriy boʻlinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1894-yilda okrugda 18 ta volost boʻlgan[1]:
- Altarykskaya;
- Aravon;
- Assakinskaya;
- Auvalskaya;
- Ichkelikskaya;
- Karatepe-Chaukenskaya;
- Qoʻqon-Qishloq;
- Kuvinskaya;
- Kulinskaya;
- Min-Tyubinskaya;
- nayman;
- Segazinskaya;
- Fayzobod;
- Chimionskaya;
- Sharixanskaya;
- Yakkatuskaya;
- Yaz-Yavanskaya;
- Yaukesek-Boston.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1894-yilda uyezdda 201653 kishi yashagan (Yangi va Eski Margʻilondan tashqari). Aholining asosiy qismi sunniy musulmonlar: sartlar, qirgʻizlar, oʻzbeklar va qoraqalpoqlar boʻlgan. Pravoslavlar soni 1586 kishi, yahudiylar soni 1740 kishi edi.
Iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uyezdning shimolida sunʼiy sugʻoriladigan yerlarda bugʻdoy, arpa, sholi, tariq, durra, dukkakli ekinlar, paxta yetishtirilgan. Mevali daraxtlardan nok, olcha, olxoʻri, oʻrik, shaftoli, uzum, ayniqsa, ipakchilikda foydalaniladigan tut daraxti keng tarqalgan. Qovun, tarvuz, bodring ekinlari katta ahamiyatga ega edi. Qirgʻizlar va qoraqalpoqlar koʻchmanchi chorvachilik bilan shugʻullangan. Sanoat asosan hunarmandchilik edi.
Margʻilon shahrida sanoat obyektlari ham vodiyning boshqa shaharlariga nisbatan kam edi. Shaharda 4 ta uncha katta boʻlmagan paxta tozalash korxonalari, ipakchilik korxonalari hamda Rossiya-Xitoy bankining filiali faoliyat koʻrsatgan[2].
Fargʻona vodiysidagi Qoʻqon, Andijon va Namangan shaharlaridagi yirik savdo-sanoat korxonalari egalarining asosiy qismi Moskva firmalari vakillari, ulardan keyingi oʻrinda mahalliy yahudiylar turgan. Margʻilonda ularning koʻpchiligi asosan, mahalliy aholi vakillaridan iborat edi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Материалы для статистического описания Ферганской области: результаты поземельно-податных работ. Вып. 2. Маргеланский уезд, 1899 г.“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 27-sentyabr.
- ↑ XUSHNUDBEK MAMADALIYEV. FARGʻONA VODIYSI SHAHARLARI TARIXI (XIX – XX ASR BOSHLARI), Toshkent.: “Fan ziyosi”, Oʻz R FА Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, 2022 — 192-bet. ISBN 978-9943-747-45-6. Qaraldi: 6-iyun 2023-yil.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Margelan Noviy // Ensiklopedicheskiy slovar Brokgauza i Yefrona : v 86 t. (82 t. i 4 dop.). — SPb., 1890—1907.