Sobir Rahimov
- Bu maqola shaxsiyat haqidadir. Boshqa maʼnolar uchun Sobir Rahimov (maʼnolari) sahifasiga qarang.
Sobir Rakhimov | |
---|---|
qozoqcha: Рахимов Сабыр Омарұлы | |
Tavalludi |
25-yanvar 1902-yil |
Vafoti |
26-mart 1945-yil (43 yoshda) Dantsig(Gdansk), Uchinchi Reyx |
Fuqaroligi | SSSR |
Kasbi | Piyoda askarlar |
Faoliyat yillari | 1922-1938, 1940-1945 |
Unvoni | General-mayor |
Mukofotlari | Sovet Ittifoqi Qahramoni |
Sobir Umar oʻgʻli Rahimov (25-yanvar 1902-yil — 26-mart 1945-yil)[1] — harbiy arbob, general-mayor (1943). 1925-yilda Bokuda Birlashgan harbiy maktabni va 1930-yilda komandirlar sostavi malakasini oshirish kursini tugatgan. 1932—38-yillarda va 1940-yildan armiyada. 1941-yildan frontda. Bosh shtab harbiy akademiyasining jadallashtirilgan kursini tugatgan (1943). Ikkinchi jahon urushida Janubiy frontdagi motorlashtirilgan polk komandiri, Zakavkazye frontida oʻqchi diviziya komandiri. 1-Belorussiya fronti qoʻshinlari tarkibida Baranovichi, Slonim, Belostok, Graudens va boshqa shaharlarni, Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashgan. Rahimov komandirligidagi 37gvardiyachi oʻqchi diviziya (2Belorussiya frontining 65armiyasi) 1945-yil Sharkni Pomeraniya operatsiyasida oʻrnak koʻrsatgan: diviziya oʻsha yilning mart oyi oxirida Gdinya va Dansig sh.larida dushmanning yirik guruhlarini tormor etishda qatnashgan. Diviziya 1eshelonda hujum qilib, armiyada 1boʻlib Boltiq dengizi sohiliga chiqqan va Dansig koʻchalarida jangni boshlab yuborgan. Rahimov ogʻir yarador boʻlib halok boʻlgan. 1965-yil 6-martda Qahramon unvoni berilgan. Urushdan keyin Rahimov xoki Toshkentdagi qabristonga qoʻyilgan. Toshkentda tuman, metro st-yasi, bir necha maktabga Rahimov nomi berilgan. Rahimov haqida „General Rahimov“ badiiy filmi yaratilgan (1967). Toshkent shahrining Sobir Rahimov tumanida haykal oʻrnatilgan (1981).[2]
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1902-yili 25-yanvarda (baʼzi maʼlumotlarga koʻra 1-yanvarda) Toshkentda tugʻildi. Mehribonlik uyida oʻsdi. 1922-yili Ishchi-Dehqon Qizil Armiyasiga yozildi. 1925-yili Bokudagi harbiy maktabni bitirdi. Turkiston harbiy okrugida bir necha yil kavaleriyaga qoʻmondonlik qildi. Bir necha marta yaralangan, Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlangan. 1930-yili qoʻmondonlik tarkibini mukamallashtirish kurslarini bitirdi. 1938-yili Qizil Armiyadan chetlatildi, 1940-yili esa armiyada tiklanib, Gʻarbiy maxsus harbiy okrugga joʻnatildi.
Ikkinchi jahon urushiga kelib Sobir Rahimov mayor va motooʻqchi polki qoʻmondoni oʻrinbosari unvonida edi. 1941-yil iyulida yaralanib, gospitalda davolandi; oʻsha yil noyabrida 56-armiyaning 1149-oʻqchi polki qoʻmondoni boʻlib frontga qaytdi. Janubiy frontda Rostov va Taganrog himoyasida qishni oʻtkazdi; 1942-yil yanvarida yana yaralib, kontuziyaga uchradi. 1942-yil mayida frontga qaytdi, sentyabrida esa 56-armiyaning 395-oʻqchi diviziyasi qoʻmondoni etib tayinlandi. 1943-yil boshida shu diviziya Shimoliy Kavkaz mintaqasida oʻzini yaxshi koʻrsatdi va Sobir Rahimovga oz vaqt oʻtib, 19-mart kuni general-mayor unvoni berildi.
1943-yil 8-aprelida Sobir Rahimov Moskvaga, K.Ye. Voroshilov nomidagi General Shtab Harbiy Akademiyasiga oʻqishga yuborildi. Akademiyadan soʻng, 1944-yil noyabrida 65-armiyaning 37-gvardiya oʻqchi diviziyasi qoʻmondoni etib tayinlandi. 1945-yil fevralida 37-diviziya askarlari 9-ming kishilik garnizon himoyasida turgan Grudzyondz(Grudziądz) (Polsha) shahrini zabt etishdi. Bir necha kundan soʻng general Rahimov boshliq diviziya Dantsig(Gdansk) shahriga birinchi boʻlib kirdi.
1945-yil 26-mart kuni janglarning birida Sobir Rahimov turgan kuzatuv punktiga snaryad kelib tushdi va general boshidan yaralandi. Rahimov 8 soatdan soʻng gospitalda vafot etdi.
Sobir Rahimov qabri ona shahri — Toshkentda joylashgan.
Urush paytida koʻrsatgan jasoratlari uchun general-mayor Sobir Rahimovga 1965-yil 6-mayida SSRI Oliy Kengashi Prezidiumi qarori bilan „Sovet Ittifoqi Qahramoni“ unvoni berildi.
Oʻzbekistonda Sobir Rahimov xotirasi ardoqlanib kelingan. 1967-yili unga bagʻishlab „Oʻzbekfilm“ studiyasida „General Rahimov“ badiiy filmi suratga olingan; Toshkent va Samarqand shaharlarida Sobir Rahimov haykallari oʻrnatilgan (2011-yilda haykal koʻchirildi); Sobir Rahimov sharafiga metropoliten bekati va Toshkent tumanlaridan biri, qolaversa maktablar va koʻchalar nomlangan edi (2011-yildan eʼtiboran bekat va tuman nomlari „Olmazor“ deb oʻzgartirildi). 2018-yilda Sobir Rahimov haykali yana oʻz joyiga qaytarildi
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 https://kun.uz/uz/news/2020/06/24/temir-general-ozbek-va-polyak-xalqlari-qahramoni-sobir-rahimovning-hayot-yo'li
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 25-yanvarda tugʻilganlar
- 1902-yilda tugʻilganlar
- 26-martda vafot etganlar
- 1945-yilda vafot etganlar
- Kishilar
- Sovet Ittifoqi Qahramonlari
- Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari
- Toshkentlik harbiy xizmatchilar
- Sirdaryo viloyati kishilari
- Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasi aʻzolari
- SSSR general-mayorlari
- Lenin ordeni sohiblari
- Qizil Bayroq ordeni sohiblari
- Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan sovet harbiy xizmatchilari
- Oʻzbekiston qozoqlari