Yura sistemasi
Yura sistemasi (DAVRI) — mezozoy erasining boshidan 2-davr. Fransiya va Shveysariyadagi Yura togʻlari nomi bilan atalgan. Radiogeologik metod bilan aniqlanishicha, Yura sistemasi bundan 190—195 mln. yil avval boshlanib, 69 mln. yil davom etgan. Bu terminni fanga fransuz geologi A.Bronyar (1829) kiritgan. U trias sistemasidan keyin boʻr sistemasidan oldin keladi. Yura sistemasi 3 boʻlim (quyi, oʻrta, yuqori) va 11 yarusga boʻlinadi.
Yura jinslari barcha qitʼalarda tarqalgan; okean tubidagilari burgʻilash yoʻli bilan aniqlangan. Tarkibi va paydo boʻlish sharoitlariga koʻra turlituman; ular dengiz va quruqlikdagi qumtoshgilli jinslar boʻlib, keyinchalik gilli va apsidli slanetslarga (geosinklinal oblastlarda) aylangan, karbonatli jinslar (asosan, ohaktoshlar), tuzli qatlamlar hamda vulkanogen jinslar, jumladan, suv ostida hosil boʻlgan jinslar (Shim. va Janubiy Amerikaning gʻarbiy chekkalari, Sharqiy Osiyo va Oʻrta dengiz mintaqasining baʼei bir maydonlari)dan iborat. Gʻarbiy Yevropa, Qrim, Kavkazda kimerij bilan oksford yaruslari orasida luzitaniya yarusi ajratiladi. Trias sistemasiga nisbatan Yura sistemasida tektonik harakatlar avj oladi. Geosinklinallarda burmalanishlar sodir boʻladi. Tinch okean chekkalarida burmalanishlar yanada shiddatli kechadi. Platformalarda dengiz bosib kirishi (transgressiya) va chekinishi (regressiya) boʻlib oʻtadi. Yer poʻstining platforma qismlarida yoriqlar hosil boʻlib, yaxlit quruqlik 2 ga — Lavraziya va Gondvana materiklariga boʻlina boshlagan va Yer kurrasi qiyofasi butunlay oʻzgarib ketgan. Yura sistemasi boshlarida materiklarning koʻp qismida quruqlik saqlanib, faqat 18% dengiz bilan qoplanadi. Dengiz, asosan, geosinklinallarda va yosh epigersin platformalarida joylashadi. Bulardan tashqari, materiklarning katta qismida iqlim juda sernam boʻlgan, natijada subakval muhitda oʻsimlik qoldiqlariga boy boʻlgan kontinental formatsiyalar toʻplangan. Markaziy Amerika, Avstraliyaning sharqiy qismida, qisman Yevropada koʻmirli formatsiyalar keng tarqalgan gumid tipli (mas, Mangʻishloqda), shuningdek arid tipli (Xitoy jan., Hindiston) qizil rangli yotqiziqlar toʻplanadi. Paleogeografik va paleotektonik sharoitlarda choʻkindilar toʻplanishi boʻyicha oʻrta yura davri quyi yuradan deyarli farq qilmaydi (quyi yura davrida choʻkindilar hosil boʻlgan umumiy maydon ancha koʻpaygan, jumladan, Sharqiy Yevropa va Shimoliy Amerika platformalarida). Yuqori yura davrida muhim tektonik oʻzgarishlar sodir boʻlgan. Sharqiy Yevropa platformasi, Arktika havzasi, Sharqiy Afrika, Madagaskar va Gʻarbiy Avstraliyani suv bosadi. Qoyali togʻlar sharqiy qismida GalfKosta botigʻi va unga yondoshgan MeksikaAntil geosinklinalida dengiz hosil boʻldi. Venesueladan boshlab Olovli Yer o.ga qadar yagona dengiz tarkib topadi. Transgressiya karbonatli formatsiyalarning koʻproq toʻplanishiga olib keladi, shu bilan birga boshqa geologik davrlardan farqi karbonat formatsiyalari Yevrosiyo va Afrikada geosinklinal oblastlar tashqarisida ham toʻplanadi va bularga yondoshgan Yevropa, Shimoliy Afrika va Arabiston platformalari yon bagʻirlarigacha tarqaladi. Yuqori yura davrida evaporitlar sedimentatsiyasi (choʻkishi) ancha jadallashgan. Umuman, Yura sistemasida neftgazli formatsiyalarning toʻplanishi uchun juda qulay paleotektonik va paleogeofafik sharoitlar yuzaga kelgan. Bu davr formatsiyalari bilan eng koʻp neftgaz oblastlari bogʻliqdir. Ularning asosiy qismi Lavraziya guruhidagi okeankontinental tipli litosfera plitalari bilan bogʻliq (shundan Yevrosiyoda 45 ta, Shimoliy Amerika litosfera plitasida 20 ta). Kontinental litosfera plitalarida faqat 16 ta neftgaz oblastlari mavjud. Bular turli burmalanishlarning geostrukturaviy elementlarida (tokembriydan alp burmalanishigacha) joylashgan.
Platformalarning ikki guruhida uglevodorodlarning hududiy toʻplanishi — karbonat, karbonatboʻlakli, boʻlakli dengiz, shuningdek, boʻlakli kontinental formatsiyalarida joylashgan. Boshqa sistemalardan Yu.sning farqi shundaki, bu davrda Gondvana guruhidagi materiklarda uglevodorod karbonatli dengiz formatsiyalarida koʻproq toʻplangan, Lavraziya guruhiga mansub boʻlgan geosinklinallarda esa Gondvana karbonatli dengiz va kontinental boʻlakli formatsiyalarda yuzaga kelgan.
YU.s hayvonot dunyosi turlituman mollyuskalar (ammonit, amalteus, makrotsefalitis, virgatites, belemnitlar, ikki pallalilar, gastropodalar va boshqalar), braxiopodalar, ignatanlilar va marjonlardan iborat. Bahaybat dinozavrlar ham Yura sistemasida paydo boʻlgan. Suvda yashaydigan dinozavrlar, uchuvchi kaltakesaklar keng tarqalgan. Yu.s da dastlabki qushlar paydo boʻlgan. Hoz. muzliklar bilan qoplangan Grenlandiya va Antarktida hududlarida ham yashil oʻrmonlar mavjud boʻlgan. Bu davrda umurtqali hayvonlardan bahaybat (uz. 25–30 m, ogʻirligi 50 t) dinozavr va ixtiozavrlar, balikdar yashagan. Suvda va quruqlikda yashovchilar (amfibiyalar)dan baqa paydo boʻlgan. Oʻsimliklardan paporotniklar, ignabarglilar, sikafoditlar va boshqalar keng rivojlangan. Bu davr yotqiziqlari Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekistonda Fargʻona tizmasi, Hisor tizmasining jan.gʻarbiy etaklari, Oʻzbekiston gʻarbi va Ustyurtda keng tarqalgan boʻlib, konglomerat, qumtosh, giltosh, ohaktosh, angidrit kabi jinslardan tarkib topgan. Oʻrta yura boshlaridan Oʻzbekistonning gʻarbiy va jan. hududlarida transgressiya yuz bergan. Yuqori yurakellovey va oksford yaruslari davomida Hisor tizmasining jan.gʻarbiy etaklari, hozirgi Oʻzbekistonning gʻarbiy hududi, Turkmaniston va Tojikistonning baʼzi joylari chuqur dengiz bilan qoplangan. Shu sababli bu yerlarda hozirgi dengiz yotqiziqlari — ohaktosh koʻp. Xuddi shu hududda kimerij yarusi va titon yarusi boshlarida dengiz chekinib, oʻrnida turli xil tuz yotqiziqlari hosil boʻlgan. Hoz. Fargʻona vodiysi hududi, Issiqkoʻl atrofi Yura sistemasi boshidan oxirigacha quruqlikdan iborat boʻlgan. Yura sistemasida iqlim yumshoq va nam boʻlgan. Daryolar va botqoqliklar atrofida turlituman oʻsimliklar oʻsgan. Oʻrta Osiyodagi barcha koʻmir konlari, Turkmanistondagi Yagman, Tojikistondagi Shoʻrob, Qirgʻizistondagi Koʻkyongʻoq, Oʻzbekistondagi Angren,Shargʻun koʻmir konlari Yura sistemasida hosil boʻlgan. Ural—Emba, Mangʻishloqdagi neft konlari, Buxorodagi gaz konlari ham shu davrda paydo boʻlgan. Yu.s yotqiziqlari, asosan, choʻkindi va otqindi togʻ jinslaridan tarkib topgan boʻlib, koʻp joylarda uchraydi. Yura yotqiziqlari bilan koʻmir (14%) va neft (15% atrofida)ning dunyo boʻyicha zaxiralari bogʻliq. Yura sistemasiga mansub yirik koʻmir konlari Sharqiy Sibir, Baykal orti, Uzoq Sharq, Bolqon yarim orol, Eron, Mongoliya, Xitoy, Koreya va boshqalar rayonlarda mavjud. Neft va gaz konlari Kaspiy oldi, Kavkaz, Gʻarbiy Sibir, Shimoliy Amerika, Yaqin va Oʻrta Sharqda topilgan. Yura sistemasi davridagi nurash poʻsti bilan boksit, kaolin, temir, nikel konlari va baʼzi olmos sochmalari bogʻliq. Yu.sdagi magmatik jarayon bilan Rossiya Federatsiyasi hamda Shimoliy va Janubiy Amerikaning gʻarbida qoʻrgʻoshinrux, kamyob va nodir metallar konlari hosil boʻlishi aloqador.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |