Kontent qismiga oʻtish

Tatariston

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tatariston yoki Tatarstan (tatarcha: Татарстан), Tatariston Respublikasi (tatarcha: Татарстан Республикасы) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika, Sharqiy Yevropa tekisligida joylashgan. Maydoni 67 847 ming km², Aholisi 4 001 625 mln. kishi (2023). Poytaxti — Qozon shahri. 43 tuman, 14 respublika darajasidagi shaharlardan iborat.[1][2]

Respublika Kirov, Ulyanovsk, Samara va Orenburg viloyatlari, Boshqortiston Respublikasi, Mariy Respublikasi, Udmurt Respublikasi va Chuvash Respublikalari bilan chegaradosh.

Davlat rasmiy tili: tatar, rus tillari[3]

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tatariston — respublika. Davlat rahbari prezident (Rais). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Davlat kengashi (parlament), ijrochi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi (hukumat) amalga oshiradi.[1]

Tatariston hududining aksariyat qismi Volganing soʻl sohilidagi tekislikdan iborat. Chekka jan.sharkda BugulmaBelebey qirlari, oʻng sohilda Volga boʻyi qirlari joylashgan. Neft, gaz, bitum, gips, ohaktosh, dolomit, qoʻngʻir kumir, torf konlari bor. Iklimi moʻʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —13° dan —15° gacha, iyulda 19—20°. Yillik yogʻin — 400–450 mm. Asosiy daryolari — Volga va Kama hamda Kamaning irmoqlari — Vyatka, Ij, Oq Idil. Quyi Kama va Samara suv omborlarining bir qismi Tatariston hududida. Tataristonning shim. qismi oʻrmon zonasida, jan. kismi oʻrmondasht zonasida joylashgan. Tuprokdari podzol, kulrang oʻrmon va qora tuproqlar. Butun hududning 16% oʻrmon (togʻterak, oq qayin, lipa, eman, zarang daraxtzorlari). Hayvonot dunyosi: boʻri, tulki, bugʻu, tiyin, burunduk,, sugʻur, quyon, qushlardan karqur, kaklik, toʻxtatuvaloq va boshqa Quyi Kama milliy bogʻi, VolgaKama qoʻriqxonasi tashkil etilgan.[1]

Aholisi, asosan, Tatarlar 53,2 %,Ruslar 39,7 %,Chuvashlar 3,08 %,Udmurtlar 0,62 %,Ukrainlar 0,48 %, Mordova 0,51 %,Mariylar 0,50 %, Boshqirtlar 0,36 %)dan iborat. Chuvash, mordova, udmurt, ukrain va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 76%. Dindorlari — musulmon sunniylar va provaslav xristianlari. Yirik shaharlari: Qozon, Naberejniye Chelni, Almat, Nijnekamsk, Zelenodolsk. Tatariston aholisi 2023-yilda Rosstat ma'lumotlariga ko'ra — 4 001 625 ming(2023) kishini tashkil etadi. Shahar aholisi — 76,74 % (2023). Aholi zichligi — 58,98 kishi./km²(2023)

Tatariston hududida odam ilk paleolit davridan yashay boshlagan. Tosh davrining barcha bosqichlariga xos manzilgohlar topilgan. 6—7-asrlarda Tataristonning Turk xoqonligi bilan aloqasi kuchaygan. 9-asrgacha hozirgi Tatariston hududida major (madyar) qabilalari yashagan. Keyinchalik ularni VolgaKama bulgʻorlari surib chiqargan. 10—14-asrlarda Tatariston Volga Kama Bulgʻoriyasi tarkibiga kirgan. 1236-yil moʻgʻullar bostirib kelgan va u 1241-yilda Oltin Oʻrda xonligiga qoʻshib olingan. 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida Qozon tatarlari shakllana bordi va Oltin Oʻrda barbod boʻlgach, Tatariston hududida Qozon xonligi tashkil topdi (1438). Rus qoʻshinlarining yurishlari (1545—52) natijasida Qozon xonligi bosib olindi. 1708-yilda Qozon guberniyasi tashkil etildi. 18— 19-asrlarda oʻlkada sanoat va madaniyat rivojlandi. Movut toʻqish, kemasozlik, koʻnchilik, mis eritish, sovungarlik korxonalari barpo etildi. 1804-yil Qozon universiteti ochildi. 1861-yil dehqonlar islohotidan keyin dehqonlarning Bezdna qoʻzgʻoloni boʻlib, uni talabalar ham qoʻllab-quvvatladilar. Tatariston mehnatkashlari 1905-07 yillardagi inqilobda faol qatnashdilar. 1917-yil fevral inqilobidan soʻng milliy demokratik tashkilotlar, jumladan, tanikli inqilobchi M. Vaxitov boshchiligida Musulmon sotsialistik qoʻmitasi tuzildi. 1917-yil 26 oktabr (8 noyabr)da Qozonda Shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. 1918—19 yillarda Tatariston hududi 2 marta oq gvardiyachilar qoʻliga oʻtdi. 1920-yil 27 mayda RSFR tarkibida Tatariston ASSR tashkil etildi. 1990-yil 27 avgustda Tatariston Oliy Kengashi respublikaning davlat suverenitetini eʼlon qildi. 1992-yildan Tatariston Respublikasi deb atala boshladi, 1991-yil prezident lavozimi taʼsis etildi.[1]

Tatariston — Rossiya Federatsiyasi tarkibida iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan respublikalardan biri. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 46,2%, qishloq xoʻjaligi.niki 7,5%, qurilishniki 8,2%, transportniki 5,1%.

Qishloq xoʻjaligi donchorvachilik yoʻnalishida rivojlangan. Burdoy, suli, grechixa, javdar, arpa, qand lavlagi, kungaboqar, makkajoʻxori, kartoshka, sabzavot, texnika va yemxashak ekinlari yetishtiriladi. Gʻarbda bogʻdorchilikka eʼtibor beriladi. Chorvachiligida qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki, parranda boqiladi. Quyonchilik va asalarichilik rivojlangan.[1]

Katta neft konlari ochilishi tufayli iqtisodiyotda tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Romashka, Shugurovo, Bavli va Zay daryosi boʻylaridagi neft va gaz konlari ishga tushirildi. Nijnekamsk neft kimyosi sanoatining yirik markaziga aylandi. Qozon shahridagi Kreml, nekamskshina" ishlab chiqarish. birlashmalari). Kime sanoati (Qozondagi sintetik kauchuk va roʻzgʻor kimyosi, Mendeleyevskdagi kimyo zdlari), mashinasozlik va metall ishlash (Naberejniye Chelnidagi koʻp yuk ortiladigan mashinalar, Qozon, Bugulma, Yelabuga, Chistopol, Zelenodolskdagi kompressor, neft va transport mashinauskunalari, gaz apparatlari, stanok, EHM, vertolyot, soat va sovutkich ishlab chiqarish.), motorsozlik (aviadvigatellar), tibbiyot (kimyofarmatsevtika birlashmasi, davolash asbobuskunalari) sanoati rivojlangan. Yengil sanoatda koʻnpoyabzal, moʻynachilik, tikuv, trikotaj, zigʻir tolasini qayta ishlash va boshqa, oziq-ovqat sanoatida goʻsht, sut, sariyogʻpishloq, qandshakar tarmoklari yetakchi hisoblanadi. Bu tarmoklarning korxonalari Qozon, Zelenodolsk, Chistopolda joylashgan.Yogʻochsozlik sanoati durust rivojlangan. Elektr energetika sanoati mazut va tabiiy gaz negiziga qurilgan (Nijnekamsk va boshqa issiqlik elektr stansiyalari).[1]

Tataristonda avtomobil, temir yoʻl, havo transporti rivojlangan Transport yoʻli uzunligi — 879 km, qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari uzunligi — 12357 km. Volga, Oq Idil, Vyatka daryolarida kema qatnaydi (ichki suv yoʻllari uzunligi — 933 km). Qozon shahrida xalqaro aeroport bor. Tatariston hududida bir necha yirik neft va gaz quvurlari, jumladan Almatdan Sharqiy Yevropaga tortilgan neft quvuri, shim.gʻarbda Urengoy—Markaziy Rossiya va Urengoy — Pomari—Ujgorod qitʼalararo gaz quvurlari oʻtadi.[1]

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tataristonda 15 ming shifokor aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Har 10 ming aholiga 44 shifokor toʻgʻri keladi. Asosan shifokorlar Qozondagi tibbiyot institutida, undan tashqari yana boshqa universitetlarda ham tayyorlanadi. 150 dan ortiq sanatoriya-kurort muassasalari, jumladan, Bakirovo, Vasilyevo, Ijevsk mineral suvi. "VarziYatchi" kurortlari, Tarlovkadagi iqlimiy kurort mavjud.[1]

Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

20-asrning 90 yillari oxirida 24 mingdan koʻproq maktabda 500 mingdan ziyod, 65 ta oʻrta maxsus oʻquv yurtida 55 ming oʻquvchi, 15 ta oliy oʻquv yurtida 70 mingga yaqin talaba taʼlim oldi. Muhim oliy oʻquv yurtlari: Qozon Federal Universiteti, texnika, tibbiyot, texnologiya unversitetlari, veterinariya-tibbiyot akademiyasi. Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasining Qozon ilmiy markazi, neft ilmiy tadqiqot va loyiha instituti, kompressor mashinasozlik ilmiy ishlab chiqarish. birlashmasida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Qozonda Tatariston birlashgan davlat muzeyi, Tasviriy sanʼat muzeyi, Adabiyot muzeyi, Bugulmada oʻlkashunoslik muzeyi va boshqa muzeylar bor.[1]

Tatariston yozma adabiyoti boy tarixga ega. Shoir Gʻalining "Yusuf va Zulayho" dostoni (13-asr boshi), muallifi nomaʼlum boʻlgan "Kesikbosh" va "Taqvodorlarga nasihat" asarlari bizgacha yetib kelgan. Qozon xonligi Rossiyaga qoʻshib olinishi va xalqning istibdodga qarshi kurashi adabiyotda oʻz aksini topdi ("Pugachyov haqida qoʻshiq" va boshqalar). Oʻrta asrlarda tatar mumtoz adabiyoti sufiylik ruxida davom etdi.

19-asr tatar sheʼriyatida realizm uslubi qaror topdi. Abdujabbor Qandaliy (1797—1860), Miftohitdin Oqmulla (1831—95) va Yakov Yemelyanov (1848—99) shu oqimning atoqli namoyandalaridir. 19-asr oxirlarida maʼrifatparvarlik harakati kuchaydi. Qayum Nosiriy (1825—1902) adabiy va ilmiy-maʼrifiy asarlari bilan zamonaviy tatar tiliga asos soldi. Shu davrda dastlabki roman va dramalar paydo boʻldi. 20-asr boshlarida A.Toʻqay, O.Ibrohimov, M.Gʻafuriy va boshqa adiblar tatar xalqining ogʻir ahvoli va istibdodga qarshi kayfiyatini, adolatga boʻlgan orzu-umidlarini ifoda etdilar. Oktabr inqilobidan soʻng tatar adabiyoti ham sovet adabiyoti oʻzanidan borishga majbur boʻldi. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va uning dahshatlarini tasvirlagan tatar adiblari F.Karim, A.Alish, O.Qutuylar orasida Musa Jalil alohida ajralib turadi. Uning fashistlar zindonida yozgan "Maobit daftari" sheʼrlar kitobi muallifga abadiyat keltirdi. 20-asrning 2-yarmida ijod qilgan shoirlardan I.Yuzeyev, Sh.Galiyev, S.Sulaymonova, R.Xarisov, yozuvchilardan N. Fattoh, G.Muxametshin, dramaturglardan Y.Aminov, S.Shakurov, T. Minullinlar xalq hayotini imkon qadar haqqoniy yoritishga intildilar. Tatariston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy va ayniqsa adabiy aloqalar uzoq oʻtmishda boshlangan. Ikki xalqning yozma va ogʻzaki ijodiyoti bir-biriga yaqin. Tatar yozuvchilariga Alisher Navoiy ijodining taʼsiri kuchli boʻlgan. Adiblardan Muhammadyor, A.Qandaliy, Q.Nosiriy, O.Ibrohimov, A.Toʻqay va boshqa Navoiy asarlarini gʻoyat qiziqib oʻrganganlar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida ikki xalqning adabiy va madaniy aloqalari rivojida tatar matbuotining roli katta boʻldi, tatar tilidagi gaz. va jurnallari Turkistonda keng tarqaldi. H.H.Niyoziy, Soʻfizoda, Mirmuhsin, Abdulla Qodiriy va boshqa oʻzbek adiblari tatar matbuoti va adabiyotidan bahramand boʻldilar. A.Toʻqay, O.Ibrohimov, F.Amirxon, Musa Jalil va boshqa tatar yozuvchilarining nazmiy va nasriy asarlari oʻzbek tiliga, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Eʼtibor Oxunova, Ulug'bek Hamdam[4] va boshqalarning asarlari tatar tiliga tarjima qilingan.[1]

Oʻrta asrlarda Bulgʻorlar tomonidan qurilgan Kichik Minora
Qora bino, Bulgʻorlar tomonidan qurilgan

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tatariston hududida neolit davriga mansub qush va hayvonlarning haykalchalari, naqshin guldor sopol idishlar, jez davriga oid bezak buyum va idishlar topilgan. Volga boʻyi bulgʻorlarining Suvara, Bilyar, Bulgʻor va boshqa shaharlarida mudofaa inshootlari, toʻgʻri burchakli turar joylarning qoldiqlari, imoratlarning vayronalari (10—13-asrlar) saqlanib qolgan. Oltin Oʻrda xonligi xukmdorligi davrida (13-asr oʻrtalari) gʻisht va toshdan Oʻrta Osiyo meʼmorligi uslubiga yaqin boʻlgan rasmlar, rangdor keramika, naqshli oʻymakorlik bilan bezatilgan qalʼa, saroy, hammom, maqbaralar qurilgan. Qozon xonligi Rossiya tomonidan bosib olingach, rus meʼmorligining taʼsiri kuchaydi (Qozon Kremli, 16-asr). 18-asrda qisman barokko uslubi yoyildi, 19-asrda rus klassizmining taʼsiri sezildi (Qozon universiteti, 1825—30). 20-asr boshlarida qorishiq meʼmorlik - rayem boʻldi, yogʻoch uylar koʻproq qurildi. Amaliy bezak sanʼati turlaridan zargarlik, zardoʻzlik, patsiz gilam toʻqish, charmdoʻzlik, tosh va yogʻoch oʻymakorligi rivojlandi.

20-asrning 20-yillaridan Tatariston meʼmorligi umumittifoq yoʻnalishidan bordi. Eski shaharlar (Qozon, Bugulma, Chistopol va boshqalar) qayta qurildi, yangi shaharlar (Nijnekamsk, Naberejniye Chelni va boshqalar) barpo etildi. Jamoat binolaridan Qozondagi Matbuot uyi (1933—37, meʼmor S.Pen), Musa Jalil nomidagi opera va balet teatri (1933 — 56, meʼmor N. Skvorsov va I. Gaynutdinov), Qozon shahridagi stadion (1960, meʼmor P.Sanachin va boshqalar), konservatoriyaning konsert zali (1967, meʼmor M. Agishev va boshqalar), sirk (1967, meʼmor G. Pichuyev) qurildi.

19-asrda rangtasvir va grafika sanʼati (L. Kryukov, V. Turin) rivojlana boshladi. 1895-yil Qozonda ochilgan rassomlik maktabida P. Benkov, N.Feshin va boshqalar dars berdi. 20-asr boshlarida M. Galeyev, G. Gumarov kabi dastlabki grafik bezakchilar voyaga yetdi. 20-asrning 20—30-yillarida rassomlar (rangtasvirchi, haykaltarosh va fafik B.I. Urmanche, haykaltarosh S. Oxun, grafik F. Tohirov) ijod qila boshladi. 60—90 yillarda I.Rafiqov, G.Rahmonqulov, L.Fattohov, X.Yoqubov, N.Odilov, R.Nigmatullina, V.Malikov, 3. Gimayev, K. Nafikov kabi rassomlar, I. Kolmogorseva, I.Yazinin kabi grafiklar ijodi mashhur boʻldi.[1]

Tatariston professional musiqasi xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari asosida vujudga kelgan. Musiqiy folklorda qoʻshiqchilik asosiy oʻrin tutadi: uzun kuy (lirik ashulalar), qisqa kuy (hazil va oʻyin qoʻshiqlari), takmak (lapar), munojot (diniy qoʻshiqlar), bayt (epik termalar) va boshqalar.

Hozirgi xalq qoʻshiklarining aksariyati garmon yoki bayan joʻrligida ijro etiladi. Cholgʻu asboblari: quray (nay turi), changqoʻbiz, mandolina, domra, gusli va boshqa 1920-yillardan G.Kamol nomidagi musiqali teatr Tatariston milliy musiqa madaniyatining markazlaridan biriga aylandi.

Teatr musiqasi, ommaviy qoʻshiq janrlari rivojiga S. Saydashev katta hissa qoʻshgan. "Soniya", "Ishchi" kabi dastlabki tatar operalari shu teatrda qoʻyildi. 20 yillardan musiqa texnikumlari, radiomarkaz, opera studiyasi ochildi; 1937-yil A. Toʻqay nomidagi filarmoniya, ashula va raqs ansambli, Xalq ijodi uyi, 1939-yil Tatariston opera va balet teatri tashkil etildi. Opera janrini N. Jiganov, X.Valiullin, M. Muzafarov, J. Fayzi, baletni F.Yarullin va boshqa, musiqiy komediyani J. Fayzi rivojlantirdilar. A. Abbosov, Z.Bayrasheva, A. Izmaylova, G.Kaybitskaya, M. Bulatova, F.Nasriddinova, M.Rahmonqulova, Z.Xizmatullina, V.Sharipova kabi xonandalar, X.Fazlullin, J.Sadrijiganov kabi dirijyorlar, M. Nigmedzyanov, Z. Saydasheva, J. Fayzi kabi musiqashunoslar mashhur. Musiqa kadrlari Qozon pedagogika institutining musiqa fakultetida, konservatoriya va uning huzuridagi maxsus maktabda, musiqa maktablarida tayyorlanadi.[1]

Xalq oʻyinlari va tomoshalari Tatariston teatr sanʼatining ilk manbalari boʻldi. Milliy teatr 19-asr oxiri— 20-asr boshlarida shakllana boshladi, dastlabki havaskor teatr truppalari vujudga keldi. 1906-yil Qozonda tatar tilidagi birinchi teatr tomoshalari koʻrsatildi. 1920-yil turli teatr jamoalari asosida "Birinchi namunali tatar davlat truppasi" (1939-yildan G.Kamol nomidagi Tatariston akademik teatri) tuzildi. 20—30 yillarda tatar teatri tez surʼatlar bilan rivojlandi. Ketma-ket teatrlar: "Sabanchi" (1920), "Eshchi" (1932), Kuchma teatr (1933), G.Kamol nomidagi teatrning qishloq filiali, Menzeli qishloq teatri (1935) tashkil etildi. Ularning sahnasida mahalliy dramaturglardan K.Tinchurinning "Amerikalik", "Yelkansiz qayiq", "Kandra daryosida", F.Burnashning "Keksa Kamol", Tatariston Izzatning "Uchqunlar", "Oqimlar", shuningdek, U.Shekspir, F.Shiller, P.Bomarshe, N.Gogol pyesalari qoʻyildi. 50—60 yillarda rej.larning yangi avlodi (M.Salimjonov, P.Isanbet, R.Tumashev, M. Mustafin) teatr sohasida ish boshladi. Boshqa xalqlarning, shu jumladan, Oʻzbekistonning teatr jamoalari bilan ijodiy aloqalar kengaydi, gastrol safarlari uyushtirildi: G.Kamol nomidagi Tatariston akademik drama teatri Toshkentga bir necha bor kelib, oʻz spektakllarini namoyish etdi. O'z navbatida O'zbekiston davlat ansanbllari ham Qozon shahriga gastrol safarlarini uyushtiradilar. Qozonda yosh tomoshabinlar teatri, Tatariston drama va komediya teatri, qoʻgʻirchoq teatri, Tatariston sayyor drama teatri ishlaydi. Teatr sanʼatining tanikli arboblari: X.G. Abjalilov, F.Xalitov, Sh.Biktimirov, V.Pavlova, G.Shamukov va boshqalar.[1]

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 "Tatariston" OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „ОБ УТВЕРЖДЕНИИ РЕЕСТРА АДМИНИСТРАТИВНО-ТЕРРИТОРИАЛЬНЫХ ЕДИНИЦ И НАСЕЛЕННЫХ ПУНКТОВ В РЕСПУБЛИКЕ ТАТАРСТАН“ (1 dekabr 2017). 2023-yil 6-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 14-avgust.
  3. „Конституция Республики Татарстан“ (1992-yil 6-noyabr). 2023-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 14-avgust.
  4. „Улугбек Хамдам, Ялгызлык (повесть)“ (2023-yil 14-avgust). 2023-yil 31-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 14-avgust.